Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi Rossiyaning mamlakatdagi elchisiga Rossiyada Tojikiston fuqarolarining huquq va erkinliklari “keng miqyosda poymol etilayotgani” munosabati bilan norozilik notasi topshirganini ma’lum qildi.

TIV, shuningdek, Rossiya Federatsiyasida Tojikiston fuqarolariga nisbatan “keskin salbiy munosabat namoyon bo‘lishining ommaviy holatlari” yuzasidan jiddiy xavotir bildirdi.

“Notada bunday harakat faqat Tojikiston fuqarolariga nisbatan qo‘llanayotgani, bu tojik-rus munosabatlari ruhi va an’analariga tubdan mos kelmasligi qayd etildi”, — deyiladi vazirlik xabarida.

O‘tgan hafta Tojikiston TIV mamlakat fuqarolariga “o‘ta zarurat bo‘lmasa” Rossiyaga sayohat qilishdan vaqtincha tiyilishni tavsiya qilgan edi. Bungacha vazirlik so‘nggi bir necha hafta ichida fuqarolarning Rossiyaga kirishiga ommaviy to‘sqinlik qilinayotgani haqida xabar bergan edi.

28-aprel kuni vazirlik 1000 ga yaqin Tojikiston fuqarosi Moskva aeroportlarida qolib ketgani, ular orasida Rossiya hukumati grantlari asosida o‘qish uchun kelgan talabalar ham borligini ma’lum qilgandi. TIV vaziyatni murakkab deb atagan va “bunday cheklov choralari” faqat Tojikiston fuqarolariga nisbatan qo‘llanayotganini ta’kidlagandi.

25-aprel kuni Asia Plus nashri Orenburg viloyatidagi Qozog‘iston-Rossiya chegarasida Tojikiston davlat raqamlariga ega 180 ga yaqin avtomobil to‘planib qolganini yozgan edi. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Tojikiston fuqarolariga chegaradan o‘tishga faqat telefon tekshiruvi va so‘roqdan so‘ng ruxsat berilgan.

Rossiya TIV Rossiya Federatsiyasi va Qozog‘iston chegarasida xorijliklarni tekshirish zaruriyatini “terrorchilik tahdidining saqlanib qolayotgani” bilan izohlab, “chegarani kesib o‘tgan shaxslarning fuqaroligidan qat’iy nazar” barchasi tekshirilayotganini ma’lum qilgan.

  • 22-mart kuni Moskva viloyatidagi “Krokus siti holl” konsert zaliga bir necha qurollangan shaxs bostirib kirib, o‘t ochgan. Terakt oqibatida 140 dan ortiq kishi halok bo‘lgan, 360 dan ortiq kishi jarohatlangan, 11 kishi teraktni sodir etganlikda gumonlanib hibsga olingan, asosiy ayblanuvchilar sifatida Tojikistonlik migrantlar ko‘rilgan. Shuning fonida Rossiyada migrantlarga qarshi choralar, masalan, viza rejimini joriy etish, huquqbuzarliklar uchun deportatsiya qilish, shuningdek, patentlarni cheklash kabilar haqida munozaralar kuchaydi.