1−2-may kunlari “O‘zekspomarkaz”da nogironligi bo‘lgan shaxslar ishlayotgan korxonalarning mahsulotlari namoyish etiladigan “Inson uchun” savdo ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda ko‘rgazmani Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda tashkil etayotgan Ijtimoiy himoya milliy agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ko‘rgazmada 200 ga yaqin nogironligi bo‘lgan shaxslarni band qilgan tadbirkorlar, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlar va hunarmandlar ishtirok etadi. Unda mebel, to‘qimachilik, poyabzal, sport, oziq-ovqat, texnika, poligrafiya va boshqa turdagi tovarlar namoyish etiladi.

Tadbir doirasida 300 ga yaqin tadbirkorlar bilan hududlarda masofadan turib savdolar ham tashkil etiladi.

Agentlik barchani “Inson uchun” savdo ko‘rgazmasida faol ishtirok etishga va ishtirokchilarni qo‘llab-quvvatlashga taklif qildi.