2024-yilning 1-choragi yakuni bo‘yicha O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 19,8 foizga o‘sib, 4 mln 920 ming so‘mni tashkil etdi. Bu Statistika agentligining nominal hisoblangan o‘rtacha oylik ish haqi bo‘yicha bergan ma’lumotlaridan kelib chiqadi.

Ish haqining yillar kesimidagi dinamikasi quyidagicha ko‘rinish olgan:

  • 2020-yil — 2 mln 585 ming so‘m
  • 2021-yil — 2 mln 877 ming so‘m
  • 2022-yil — 3 mln 418 ming so‘m
  • 2023-yil — 4 mln 106 ming so‘m
  • 2024-yil — 4 mln 920 ming so‘m.

O‘rtacha oylik ish haqini hisoblashda qishloq xo‘jaligi korxonalari va kichik tadbirkorlik bo‘yicha ma’lumotlar hisobga olinmagan, chunki fermer xo‘jaliklari va kichik tadbirkorlik subyektlari yilda bir marta hisobot taqdim etadi.

2024-yilning yanvar-mart oylarida hududlar bo‘yicha o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqining eng yuqori ko‘rsatkichlari Toshkent shahri (8 mln 117 ming so‘m), Navoiy viloyati (6 mln 500 ming so‘m), Toshkent viloyati (4 mln 764 ming so‘m), Andijon viloyati (4 mln 391 ming so‘m) va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (4 mln 65 ming so‘m) kuzatildi.

Infografika: Statistika agentligiInfografika: Statistika agentligi

Hududlar bo‘yicha eng yuqori o‘sish suratlari Andijon viloyati (125,2 foiz), Toshkent shahri (122,3 foiz), Farg‘ona viloyati (121,5 foiz), Navoiy viloyati (118,8 foiz) va Jizzax viloyatida (118,2 foiz) qayd etildi.

o‘rtacha oylik ish haqi

O‘rtacha oylik ish haqini hisoblashda jami 3 mln 91 ming 950 nafar xodim ma’lumotlaridan foydalanilgan. O‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi tarkibiga qo‘shimcha to‘lovlar, mukofot pullari, rag‘batlantiruvchi to‘lovlar, kompensatsiya va ishlamagan vaqti uchun to‘lovlar, shuningdek, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va kasaba uyushmasiga ajratmalar kiradi.

o‘rtacha oylik ish haqi

2024-yil yanvar-mart oylarida iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqining eng baland ko‘rsatkichi — bank, sug‘urta, lizing, kredit va vositachilik faoliyati sohasiga to‘g‘ri kelib, 13 mln 229 ming so‘mni tashkil etdi. Shuningdek, axborot va aloqa sohasida 11 mln 732 ming so‘mni, tashish va saqlash sohasida 6 mln 104 ming so‘mni tashkil etib, o‘rtacha oylik ish haqiga nisbatan yuqori ko‘rsatkichni tashkil etdi.

Ta’lim (3 mln 435 ming so‘m) hamda sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish (3 mln 241 ming so‘m) sohalari esa boshqa sohalarga nisbatan eng quyi o‘rinda qolishda davom etmoqda. Ta’lim sohasining asosiy tarmoqlari bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori ko‘rsatkichi oliy ta’limda (7 mln 875 ming so‘m), eng past ko‘rsatkich esa maktabgacha ta’limda qayd etildi (1 mln 841 ming so‘m).

o‘rtacha oylik ish haqi

Eslatib o‘tamiz, 2021-yili iqtisodchi, “Gazeta.uz” kolumnisti Mirkomil Xolboyev so‘nggi yillarda o‘qituvchilarning oylik maoshlari boshqa soha vakillarining oyligiga nisbatan sekinroq o‘sgani, natijada ta’lim sohasi vakillari jamiyatning boshqa vakillariga nisbatan kambag‘allashgani haqida yozgandi.