Siyosat

dayjest

Shavkat Mirziyoyev ta’tildan qaytdi

Bir hafta davom etgan mehnat ta’tilidan so‘ng Shavkat Mirziyoyev ish faoliyatiga qaytdi. U bugun o‘z maslahatchilari, qator vazirlik va idoralar rahbarlarining hisobotlarini tinglaydi, hafta davomida esa Toshkent xalqaro investitsiya forumida qatnashadi.


dayjest

Yangi Andijonda viloyat hokimligining yangi binosini qurish boshlandi (foto)

Yangi Andijon shahrida investitsiya mablag‘lari asosida 4 gektar maydonda viloyat hokimligi binosini qurish ishlari boshlandi. Yangi binolar 3 va 5 qavatli shaklda qurilib, 150 ta ma’muriy xonani o‘z ichiga oladi. 1,4 gektar maydon ko‘kalamzorlashtiriladi.


dayjest

Toshkent xalqaro investitsiya forumida 84 ta davlat ishtirok etadi

Shavkat Mirziyoyev III Toshkent xalqaro investitsiya forumiga tayyorgarlik bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. 2−3-may kunlari o‘tadigan tadbirda 84 ta davlatdan qariyb 2500 kishi, jumladan, BMT, YeTTB, OPEK, SHHT kabi xalqaro tashkilotlardan mehmonlar qatnashishi kutilmoqda.


Iqtisodiyot

dayjest

O‘zbekistonda birinchi chorakda o‘rtacha oylik ish haqi 4,9 mln so‘mni tashkil etdi

2024-yilning birinchi choragida O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi 19,8 foizga o‘sib, 4 mln 920 ming so‘mni tashkil etdi. Ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmat ko‘rsatish sohalarida o‘rtacha maosh eng pastligicha qolmoqda.


dayjest

420 mln dollarga qurilgan va zarar ko‘rayotgan TMZning davlat ulushi kimoshdi savdosiga qo‘yiladi

Toshkent metallurgiya zavodidagi davlat ulushining 49,9 foizi 2025-yil iyun oyi oxirigacha xalqaro bozorda kimoshdi savdosiga qo‘yiladi. Iyun oyida O‘TTJ sud orqali kiprlik investorlarni loyihadan chetlashtirish haqida qaror chiqartirgan, biroq zavod 916,9 mlrd so‘m zarar va 179,7 mln yevro kredit bilan qolgan.


dayjest

UzIMEI tizimi operatori Information Technology Center`dagi ulushini sotmoqchi

O‘zbekistonda UzIMEI tizimiga xizmat ko‘rsatuvchi Information Technology Center kompaniyasidagi davlat ulushining 49 foizi sotuvga qo‘yiladi.


dayjest

YI O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish uchun 6 mln yevro ajratdi

Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonga Oziq-ovqat xavfsizligi va sog‘lom ovqatlanish bo‘yicha milliy strategiyani amalga oshirish uchun 6 mln yevro miqdorida grant ajratdi. Joriy va kelgusi yilda bu maqsadga jami 20 mln yevro yo‘naltiriladi.


dayjest

Ko‘chmas mulk va avtomobil savdosini naqdsiz shaklga o‘tkazish taklif qilinmoqda

Hukumat naqd puldan foydalanishni qisqartirish maqsadida yashirin iqtisodiyotga qarshi kurash choralarini ishlab chiqmoqda. Ko‘chmas mulk va avtomobillar oldi-sotdisi, budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi va boshqalar naqd pulsiz shaklga o‘tkazilishi mumkin.


Jamiyat

dayjest

O‘zbekistonda tug‘ilish kamayib, o‘lim holati ko‘paygan

O‘zbekistonda yanvar-aprel oylarida 205 713 nafar chaqaloq tug‘ildi, bu o‘tgan yilga nisbatan 4,3 foizga kam. O‘lim holatlari esa o‘tgan yilga nisbatan 3,1 foizga o‘sib, 40 197 nafarni tashkil etdi. Statistika agentligi dastlabki chorakdagi demografik ko‘rsatkichlarni e’lon qildi.


dayjest

Hafta davomida harorat isib boradi

Dam olish kunlaridagi salqin havodan so‘ng hafta davomida harorat ko‘tarila boshlaydi va +24…+31 darajagacha isiydi. Kechalari +10…+15 daraja atrofida bo‘ladi. Ayrim hududlarda shamol kuchayib chang-to‘zon kuzatiladi. Tog‘li hududlarda yomg‘ir va qor ko‘chishi xavfi saqlanib turadi.


dayjest

Ikki erkak aholining yangi kvartiralar uchun to‘lagan pulini o‘zlashtirgani uchun qidirilmoqda

Toshkentda fuqarolarning yangi qurilgan xonadonlar uchun to‘lagan pullarini o‘zlashtirganlikda gumonlanayotgan ikki shaxs qidiruvga berildi. Uylar tegishli ruxsatnomalarsiz qurilgani aytilmoqda. MCHJ rahbari qamoqqa olindi.


dayjest

Yunusobod tumanidagi ayrim ko‘chalarni nomlashda takliflar qabul qilinmoqda

Toshkent shahri aholisi geonom.tashkent.uz sayti orqali 13-maygacha Yunusobod tumanidagi 212 ta ko‘cha va obyektni nomlash bo‘yicha o‘z takliflarini yo‘llashi mumkin.


dayjest

O‘zbekistonda uch oyda nikohlar soni kamaydi

2024-yil yanvar-mart oylarida qariyb 48,6 mingta nikoh qayd etildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 900 taga kam. Nikohlarda ayollarning o‘rtacha yoshi 23,3 yoshni, erkaklarning o‘rtacha yoshi esa 28,2 yoshni tashkil etdi. Nikohdan ajralishlar soni 2020-yilning mos davriga nisbatan 1,5 barobarga ko‘paygan.


dayjest

Samarqandda jami 1 mlrd so‘mdan ortiq gazdan noqonuniy foydalangan ikki issiqxona aniqlandi

Samarqand viloyatida tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan ikki issiqxona aniqlandi. Ulardan biri 688,9 mln so‘mlik, ikkinchisi esa 329,6 mln so‘mlik tabiiy gazni qonunga xilof ravishda ishlatgan.


dayjest

Toshkentda nogironligi bo‘lgan shaxslar ishlab chiqargan mahsulotlarning savdo ko‘rgazmasi o‘tkaziladi

1−2-may kunlari “O‘zekspomarkaz"da imkoniyati cheklangan shaxslar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarning savdo ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi. Unda mebel, to‘qimachilik, poyabzal, maishiy texnika va oziq-ovqat mahsulotlari taqdim etiladi.


dayjest

Toshkent viloyatining 6 ta tumanida foto va videokameralar o‘rnatiladi

Toshkent viloyatining Qibray, Yangiyo‘l, Chinoz, Zangiota, Toshkent va Oqqo‘rg‘on tumanlarida YTHlarning oldini olish maqsadida foto va video dasturiy-texnik vositalari o‘rnatiladi.


Sport

dayjest

O‘zbekistonlik gimnastikachi qizlar Toshkentda o‘tgan Jahon kubogida yettita medal oldi

Toshkentda o‘tgan gimnastika bo‘yicha Jahon kubogida o‘zbekistonlik qizlar jami 7 ta: 2 ta oltin, 4 ta kumush va 1 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Medallarning 5 tasiga jamoa yetakchisi Taxmina Ikromova egalik qildi.


dayjest

O‘zbekiston futbolchilari U-23 Osiyo kubogida Indoneziyani mag‘lub etib, tarixda ilk bor Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi (+ video)

O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi U-23 Osiyo kubogi yarim finalida Indoneziyani mag‘lub etib, tarixda ilk bor Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma oldi.


Jahon

dayjest

Gaaga sudi Isroil yetakchilari, jumladan, Netanyaxuni hibsga olishga order berishi mumkin — NYT

Isroil rasmiylariga ko‘ra, Gaagadagi Xalqaro jinoiy sud G‘azodagi urush tufayli bosh vazir Binyamin Netanyaxu va boshqa Isroil rasmiylariga nisbatan ayblov e’lon qilishi mumkin. Sud, shuningdek, HAMAS yetakchilarini hibsga olish uchun order berish masalasini ham ko‘rib chiqmoqda.


Bizni o‘qiyotganingiz uchun rahmat!