Isroil rasmiylariga ko‘ra, Gaagadagi Xalqaro jinoiy sud (XJS) G‘azo sektoridagi mojaro bilan bog‘liq ayblovlar bo‘yicha yuqori martabali isroillik amaldorlarni hibsga olishga order berishi mumkin, deb yozmoqda The New York Times (NYT) beshta xabardor manbaga tayanib.

Qayd etilishicha, hibsga olinishi mumkin bo‘lganlar orasida Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ham bor.

Gaagadagi sud, gazeta ta’kidlaganidek, Isroil rasmiylarini G‘azo sektoriga insonparvarlik yordami yetkazilishiga to‘sqinlik qilganlikda va 2023-yil 7-oktabrda Isroilga Falastinning HAMAS guruhi tomonidan uyushtirilgan hujumga o‘ta keskin javob berganlikda ayblashi mumkin.

NYT suhbatdoshlarining fikricha, sud, shuningdek, HAMAS yetakchilarini hibsga olish uchun order berishni ham ko‘rib chiqmoqda. Aniq kimlar va nimada ayblanayotgani hozircha noma’lum, deya aniqlik kiritadi nashr.

NYT`ning ta’kidlashicha, sud tomonidan chiqarilgan hibsga olish orderlari dunyoning ko‘p mamlakatlarida so‘nggi oylarda G‘azo sektoridagi xatti-harakatlari tufayli xalqaro noroziliklarga duch kelgan Isroilga nisbatan “ma’naviy tanbeh” sifatida ko‘rilishi mumkin. Isroillik amaldorlardan birining gazetaga bergan intervyusiga ko‘ra, sudning perspektiv orderi so‘nggi haftalarda Isroilning qaror qabul qilishiga ta’sir ko‘rsatgan.

Orderni tasdiqlash jarayoni qaysi bosqichda ekani noma’lum. NYT`ning yozishicha, har qanday orderlar sud sudyalari hay’atining roziligini talab qiladi va gumondorlarning “sud muhokamasiga yoki hatto darhol hibsga olinishiga olib kelishi shart emas”.

Sud bosh prokurori Karim Xonning ofisi avvalroq uning jamoasi Isroil va HAMAS o‘rtasidagi urush paytida yuz bergan voqealarni tergov qilayotganini tasdiqlagan, biroq orderlar haqidagi ma’lumotga izoh berishdan bosh tortgan.

Netanyaxu o‘tgan haftada sudning Isroilning o‘z-o‘zini himoya qilish huquqini buzishiga yo‘l qo‘ymasligini aytgandi. “Mening rahbarligim ostida Isroil XJS tomonidan o‘z-o‘zini himoya qilish huquqini buzish bilan bog‘liq har qanday urinishni hech qachon qabul qilmaydi. Yaqin Sharqning yagona demokratiyasi va dunyodagi yagona yahudiy davlatining askarlari va amaldorlarini tortib olish tahdidi g‘azabga soladi. Biz bunga bo‘yin egmaymiz. Isroil genotsid terrorchilariga qarshi adolatli urushimizda g‘alaba qozonishda davom etadi va hech qachon o‘zimizni himoya qilishni to‘xtatmaymiz”, — deb yozdi u X.

The Times of Israel nashrining yozishicha, Isroil rasmiylari Netanyaxu va boshqa amaldorlarni hibsga olish uchun order berilishining oldini olishga harakat qilmoqda. Hukumatning fikricha, Netanyaxudan tashqari sud Isroil mudofaa vaziri Yoav Gallant va Mudofaa kuchlari shtabi rahbari Gersi Xalevini hibsga olishga order berishi mumkin.

Nashrning qayd etishicha, Netanyaxu, ayniqsa, AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati bilan “uzluksiz telefon kampaniyasi”ni olib bormoqda.

NYT nashrining ta’kidlashicha, agar sud hibsga olish uchun order bersa, Netanyaxu Sudanning hokimiyatdan ag‘darilgan prezidenti Omar al-Bashir va o‘tgan yili bolalarni Ukrainadan noqonuniy ravishda deportatsiya qilishda ayblangan Rossiya prezidenti Vladimir Putin kabi chet el rahbarlari bilan bir toifaga kiradi.

Gaagadagi sud 1998-yilda imzolangan Rim statutiga binoan tashkil etilgan. Bu urush jinoyatlari, genotsid va insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblangan shaxslarni sud qilish vakolatiga ega yagona suddir. Sudning o‘z politsiyasi yo‘q, shuning uchun u o‘z yurisdiksiyasini tan olgan mamlakatlar yordamiga tayanadi. Sud ishni sirtdan ko‘rib chiqmaydi, ayblanuvchi sud binosida bo‘lishi kerak. 2024-yil holatiga ko‘ra, 124 ta davlat Xalqaro jinoiy sud Rim statutini imzolagan. Isroil, AQSh va Rossiya bu davlatlar qatorida emas.

Isroil va HAMAS o‘rtasidagi mojaro xronologiyasi:

  • 2023-yil 7-oktabr kuni HAMAS guruhi Isroilga hujum qilib, kamida 1200 isroillikni o‘ldirdi va 200 dan ortiq kishini garovga oldi.
  • Bunga javoban Isroil G‘azo sektorini nazorat qilayotgan HAMASga qarshi urush e’lon qildi, anklavga intensiv havo hujumlari uyushtirdi va u yerga qo‘shin yubordi.
  • G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mojarolar davomida mintaqada 30 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi.
  • Isroilning G‘azodagi harbiy kampaniyasi tinch aholi orasida qurbonlar sonining ko‘pligi sababli salbiy xalqaro reaksiyaga sabab bo‘ldi. Yanvar oyida Janubiy Afrika Isroilga qarshi genotsid da’vosi bilan chiqdi, BMT sudi esa ishni ko‘rib chiqishni boshladi.