Mijozning roziligisiz kredit va boshqa qarzlarni to‘lash uchun kartadagi pulni yechib olish taqiqlandi

Markaziy bank tijorat banklaridan “mijozning roziligisiz va ogohlantirmagan holda” kredit hamda boshqa qarzlarni to‘lash uchun uning kartasidan pul yechib olish amaliyotiga chek qo‘yishni talab qildi. Regulyator boshqaruv raisi o‘rinbosari tomonidan banklar va to‘lov tizimlariga talablar aks etgan xat yuborildi.

Prezident 2024-yil uchun davlat budjetini tasdiqladi — asosiy ma’lumotlar

Shavkat Mirziyoyev “2024-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. 2024-yilgi konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi chegarasi 3 foiz o‘rniga 4 foiz etib tasdiqlandi (52,5 trln so‘m). Davlat qarzi bo‘yicha chegara ham 5 mlrd dollargacha oshdi, unga xizmat ko‘rsatish yanada qimmatlashadi. YAIM o‘sishi 5,6−5,8 foiz, inflyatsiya 8−10 foiz darajasida prognoz qilinmoqda.

Davlat tashkilotlarida hujjatlarni arxivga onlayn jo‘natish imkoniyati yaratiladi

“O‘zarxiv” agentligi tomonidan “Idoraviy elektron arxiv” onlayn tizimi taqdim etildi. U idoralararo hujjat aylanish tizimi (edo.ijro.uz) bilan integratsiyalashgan va hujjatlarni onlayn saqlash uchun arxivga o‘tkazish imkonini beradi.

Shavkat Mirziyoyev MDH davlatlari rahbarlari bilan Sankt-Peterburgdagi saroy-bog‘larni aylandi

Amaliy tashrif bilan Rossiyaga borgan O‘zbekiston prezidenti MDH davlatlari rahbarlari hamrohligida Sankt-Peterburg shahrining saroy-bog‘ majmualari bilan tanishdi.

Rossiyaning “Yandeks” kompaniyasi yandex.kz serverlarini Qozog‘istonga ko‘chirdi

Rossiyaning “Yandeks” kompaniyasi yandex.kz domeni serverlarini Qozog‘istonga o‘tkazish jarayonini yakunladi. Avvalroq mamlakat rasmiylari domenni respublikadan tashqarida joylashgani sababli vaqtincha o‘chirib qo‘ygandi.

Toshkentda kameralar avtobus yo‘laklarida to‘xtaganlik uchun bir kunda 175 ta jarima qayd etdi

24-dekabr kuni Toshkentning Amir Temur va Alisher Navoiy ko‘chalarida o‘rnatilgan beshta kamera avtobus yo‘lagida to‘xtagan 175 nafar haydovchiga jarima soldi.

UzAuto Motorsʼga bir yilda 2 tadan ko‘p mashina sotib olganlarga keyingi yil mashina sotmaslik huquqi berildi

O‘zbekiston hukumati yangi avtomobillarni chakana sotish tartibiga o‘zgartirishlar kiritdi. Endilikda UzAuto Motors mijoz bilan 12 oy ichida ikkitadan ortiq oldi-sotdi shartnomasi tuzgan bo‘lsa, u bilan avtomobil yetkazib berish bo‘yicha yangi shartnoma tuzishdan bosh tortishi mumkin bo‘ladi.

Maktab direktori lavozimiga nomzodlar menejerlik o‘quv kurslarida o‘qitiladi

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan 1-yanvardan maktab direktori lavozimiga nomzodlarni menejerlik o‘quv kurslarida o‘qitish hamda maxsus portal orqali ularga menejerlik sertifikatini elektron berish tizimi joriy qilinadi. Sertifikatga ega direktorlar 3 yil davomida malaka oshirish kurslaridan ozod etiladi.

Pokiston havo ifloslanishiga qarshi kurashishda sun’iy yomg‘irdan foydalandi

Pokiston hukumati Lahordagi havo ifloslanishiga qarshi kurashish uchun ilk bor sun’iy yomg‘ir yog‘dirdi. Jarayon bir muddat havo sifatini yaxshiladi, ammo bu ko‘pga cho‘zilmadi. Faollar atrof-muhit ifloslanishini daraxtlar kesilishi, qurilish ishlari va chiqindi gazlar bilan bog‘lamoqda.

Dori moddalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga oid norma bekor qilinishi mumkin

Deputatlar dori moddalari (substansiyalar)ni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga oid normani bekor qilish nazarda tutilgan qonun loyihasini qabul qildi. Shuningdek, loyihada SSV vakolatidan retseptsiz beriladigan dori vositalari ro‘yxatini yiliga kamida bir marta tasdiqlash normasi chiqarilmoqda.

O‘zbekistonda 2024-yilda iqtisodiy o‘sish sekinlashib, inflyatsiya tezlashadi — XVJ missiyasi

XVJ missiyasi O‘zbekistonda 2024-yilda iqtisodiy o‘sish 5,7 dan 5,2 foizgacha sekinlashishi, inflyatsiya esa energiya tariflari oshishi hisobiga 11 foizgacha tezlashishini kutmoqda. Qat’iy pul-kredit siyosatini davom ettirish, budjet xarajat va daromadlarini sezilarli darajada optimallashtirish zarurligi qayd etildi.

“Blitsda men favoritman, tezkorda esa ko‘pchilik, jumladan, Abdusattorov yutishi mumkin” — Magnus Karlsen

Samarqandda shaxmatning tezkor va blits yo‘nalishlari bo‘yicha jahon chempionatining ochilish marosimi va matbuot anjumani bo‘ldi. Amaldagi jahon chempioni Magnus Karlsen turnir uchun o‘z prognozini aytdi: “O‘zimni blitsda favorit deb bilaman, rapidda esa ko‘pchilik, jumladan, Nodirbek Abdusattorov yutishi mumkin”.

UzAuto Motors va boshqa avtomobil ishlab chiqaruvchilar eksportdagi “yo‘l xarajatlari” uchun davlat budjetidan 200 mlrd so‘m oladi

UzAuto Motors va boshqa kompaniyalarga avtomobillarni eksport qilishda “yo‘l xarajatlari”ni qisman qoplash uchun davlat budjetidan 200 mlrd so‘m ajratiladi. Mablag‘ni 2022-yilda utilizatsiya yig‘imini qoplash uchun ajratish rejalashtirilgan, ammo o‘shanda mablag‘ yetishmagan.

“Gazeta.uz”da e’lon qilingan qo‘llanma: Is gazidan zaharlanganda nima qilish kerak?

Is gazi nima? Undan zaharlanish qanday yuz beradi? Bunday hollarda (yoki zaharlanmaslik uchun) nima qilish kerak? “Gazeta.uz” Favqulodda vaziyatlar, Sog‘liqni saqlash hamda Energetika vazirliklarining bu bo‘yicha tavsiyalarini jamladi.