Jizzax shahrida “Jiguli” boshqaruvni yo‘qotib, yo‘lning chetida to‘xtab turgan 5 ta avtomobilga borib urildi. Bu haqda viloyat IIB xabar qildi.

Voqea 2023-yilning 1-dekabr kuni soat 13:30 atrofida “Shodlik” MFY hududidan o‘tgan 4R36 “Jizzax- Yangi qishloq- Qizilcha” avtomobil yo‘lining 2-kilometrida sodir bo‘lgan.

Qayd etilishicha, “Jiguli” haydovchisi avtomobilni “Forish-Jizzax” yo‘nalishi bo‘ylab boshqarib borayotib, boshqaruvni yo‘qotgan. Oqibatda yo‘nalishi bo‘ylab o‘ng tomonda, ovqatlanish shoxobchasi yonida turgan 5 ta avtomobilga borib urilgan.

Ushbu YTH oqibatida “VAZ-2107” haydovchisi bosh miya jarohati bilan Respublika shoshilinch tez yordam ilmiy markazi Jizzax viloyati filialining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. Ushbu transport vositasida bo‘lgan ikki nafar yo‘lovchiga tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Shuningdek, 5 ta avtomobilga moddiy zarar yetkazilgan. Hozirda holat yuzasidan Jizzax shahar IIB tergov bo‘limi tomonidan dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda.