Samarqand shahrida 13−14-may kunlari “Xotin-qizlarning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga mintaqaviy yondashuv” mavzusida Osiyo xotin-qizlari forumi o‘tkazilmoqda. “Gazeta.uz” fotomuxbiri Xolida Musulmon jarayonning birinchi kunidan fotoreportaj tayyorladi.
Unda 30 dan ortiq davlatlardan 81 nafar nufuzli mehmon: Sharqiy Osiyo, Janubi-Sharqiy Osiyo, Janubiy Osiyo va Markaziy Osiyo mamlakatlari parlamentlarining ayol a’zolari, hukumatlar vakillari, 40 dan ziyod chet el mamlakatlari va tashkilotlarining O‘zbekistondagi rahbarlari, mahalliy davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, tadbirkor, olima, siyosatshunos hamda turli tarmoqlardagi faol xotin-qizlar ishtirok etmoqda.
Jumladan, BMT bosh kotibi o‘rinbosari, “BMT ayollar” tuzilmasi direktori Sima Sami Baxus, Parlamentlararo ittifoq bosh kotibi Martin Chungong, BMTning Jenevadagi bo‘limi direktori Tatyana Valovaya va boshqalar qatnashmoqda.
BMT bosh kotibi o‘rinbosari, “BMT ayollar” tuzilmasi direktori Sima Sami Baxus.
Parlamentlararo ittifoq bosh kotibi Martin Chungong. Foto: Senat axborot xizmati
Forumni Senat raisi Tanzila Narbayeva ochib berib, prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbir ishtirokchilariga murojaatini o‘qib eshittirdi.
Unda, jumladan, so‘nggi yetti yilda O‘zbekistonda xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ulushi 27 foizdan 35 foizga oshgani, Qonunchilik palatasi deputatlarining 32 foizi, Senat a’zolarining 25 foizi ayollardan iborat ekani keltirildi.
“Ishbilarmon ayollar safi ikki barobar kengayib, o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan ayollar soni 205 mingdan oshdi. Yuz minglab ayollar kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitildi. Salkam yarim million nafar singillarimiz ish bilan ta’minlandi. Hozirgi kunda oliygohlarda ta’lim olayotgan talabalarning yarmidan ziyodini qizlar tashkil etmoqda… Jahon banki indeksida O‘zbekiston gender tenglik sohasida dunyodagi eng tez rivojlanayotgan 5 ta mamlakat qatorida qayd etilgani, ochiq gender ma’lumotlar indeksida eng yaxshi 20 ta davlat qatoridan joy olgani bizga alohida mamnuniyat bag‘ishlaydi”, — deyiladi tabrikda.
Yuqori palata raisi Tanzila Narbayevaning ta’kidlashicha, Osiyo qit’asi mamlakatlari xotin-qizlar haq-huquqlarini himoya qilish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va gender tenglikni ta’minlash borasida o‘zining boy tajribasiga ega.
“Shuning uchun ham biz — Osiyo davlatlarining yetakchi xotin-qizlari, mazkur sohadagi mavjud muammo va masalalarni ko‘rib chiqish, bir-birimizdan ijobiy tajribalarni o‘rganish, barchamiz uchun birdek muhim bo‘lgan qarorlarni qabul qilish va do‘stona munosabatlarni o‘rnatish maqsadida bu yerga yig‘ildik. O‘z o‘rnida ta’kidlashim lozim, Osiyo mintaqasida ayollarning o‘zaro tajriba almashishi bo‘yicha ijobiy amaliyotimiz mavjud. Jumladan, Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqoti bugungi kunda gender tenglikni ta’minlash, ayollar huquq va manfaatlarini himoya qilishga oid mintaqadagi dolzarb muammolarni hal qilishda samarali platforma sifatida xizmat qilmoqda. O‘ylaymanki, ushbu platformaning tajribasi asosida butun Osiyo ayollarini birlashtirimiz zarur”, — dedi u.
Foto
Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian
Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Timoti Smart
Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Artikova
Foto: Senat axborot xizmati
Foto: Senat axborot xizmati
Maktabgacha ta’lim agentligi direktori Agrippina Shin va senator Gulnora Marufova. Foto: Senat axborot xizmati
“Adolat” sotsial demokratik partiyasi raisi Robaxon Mahmudova.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh assambleyasining 78-sessiyasidagi nutqida O‘zbekistonda xotin-qizlarning boy salohiyatidan foydalanish, jamiyat hayotining barcha jabhalarida ularning imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishda tajriba almashish bo‘yicha Osiyo xotin-qizlari forumini o‘tkazish taklifini bildirgandi.
Mavzuga doir: “Qiz bolani o‘qitmaslik kerak, degan stereotiplarga barham berilmoqda” — Tanzila Narbayeva