14-noyabr kuni Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha deputat savollariga javob berar ekan, sentabr oyida bir qancha hududlarda bolalar “Antistrumin” preparati bilan zaharlanganiga ham to‘xtaldi.

Vazir, xususan, yod tarkibli dorini berishda dozani me’yordan oshirib yuborish kuzatilganini ma’lum qildi.

“Yaqinda bo‘lib o‘tgan „Antistrumin“ voqeasida ham vazirlik buning peredozirovka ekanini 100 foiz tan olyapti. Va bu bilan bog‘liq bo‘lgan barcha mas’ul xodimlar qonun oldida javob berishni boshlamoqda va javob beradi ham”, — dedi Inoyatov.

“Shuning uchun men shaxsan vazir sifatida bundan buyon bunday kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslikni bo‘ynimga olib, butun tizimimiz bilan birgalikda bunday xatolarga yo‘l qo‘ymaslik, tizimda muammolar juda ko‘p yig‘ilib qolgani uchun tizimli yondashuvni boshlaganmiz”, — deya ta’kiladi u.

Amrillo Inoyatov o‘zining vazirga birinchi o‘rinbosar bo‘lgan va ayni damdagi vazirlik davrini taqqoslab, bunda “yer bilan osmoncha farq” borligini aytdi.

“Tibbiyot juda og‘ir yo‘nalish ekan. Buyog‘iga bitta ham bunday holatga yo‘l qo‘yishga haqqimiz yo‘q. Kech bilganimiz bizning xatomiz ekanini va takrorlanmasligini alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman”, — dedi vazir.

“Antistrumin” voqeasi

O‘zbekistonda 2023-yil 20-sentabrdan barcha maktab va bolalar bog‘chalarida yod bilan ta’minlash dasturi boshlangandi. Unga ko‘ra, har chorshanba kunlari bolalarni yod yetishmovchiligidan himoya qilish uchun ularga profilaktik dozada yod tabletkalari ichirilishi belgilgan.

Ammo oradan 2 kun o‘tib, Namangan viloyati Chust tumanidagi 9 ta bolalar bog‘chasi tarbiyalanuvchilari va 2 ta maktab o‘quvchilari — jami 70 dan ortiq bola zaharlanish bilan kasalxonaga yotqizilgani haqida xabar berildi.

Shu kunning o‘zida prezident Chustdagi vaziyatdan “qattiq tashvishda” ekani uning matbuot kotibi tomonidan ma’lum qilindi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi esa o‘rganishlar yakuniga yetguniga qadar tarkibida yod bo‘lgan “Antistrumin” №100 mahalliy dori vositasidan foydalanishga taqiq joriy etdi.

Voqeadan so‘ng sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova Chust tumaniga borib, bolalar dori vositalari yoki ovqatdan zaharlanmaganini, bolalarning sog‘lig‘i yomonlashishiga zaharlanish emas, O‘RVI sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini ma’lum qilgan.

Keyinroq prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva Namanganga borib, ommaviy zaharlanish holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qilgan.

Bosh prokuraturaning “Gazeta.uz”ga aniqlik kiritishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 257−1-moddasi 1-qismi (Sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish… odamlarning ommaviy kasallanishiga yoki zaharlanishiga olib kelsa) asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

25-sentabrga kelib, “Antistrumin” yod preparatini ishlab chiqaruvchi Samo kompaniyasi faoliyatini tekshirish boshlangani xabar qilingan. Shunindek, Sog‘liqni saqlash vazirligi Samo kompaniyasidan 3,55 mln quti “Antistrumin” (kaliy yodid) preparatini qariyb 22 mlrd so‘mga tendersiz sotib olgani ayon bo‘lgan.

Shuningdek, Samo farmatsevtika kompaniyasi hamta’sischisi Nodir Yunusov AQShda qidiruvda ekani aniqlangan. Yod preparati bilan bog‘liq mojaro fonida u ta’sischilar safidan chiqqan.

“Bizni dori haqida ogohlantirishmadi”

O‘sha kunlarda Toshkentda ham o‘nlab bolalar RSHTYOIM toksikologiya bo‘limiga zaharlanish alomatlari, isitma, oshqozon buzilishi bilan yotqizilgan. Ota-onalar ular yod ichganidan so‘ng xastalanganini ma’lum qilgan. Shifokorlar esa holatning preparat bilan hech qanday aloqasi yo‘qligini aytgan. “Gazeta.uz” vaziyatni o‘rgangan (tafsiloti bu yerda).

Masalani “kovlamaslik”

25-sentabr kuni Namanganda jurnalistlar shifoxonaga yotqizilgan bolalar bilan bog‘liq vaziyatni yoritish uchun borganda u yerda o‘zini SSV rahbari yordamchisi sifatida tanishtirgan shaxs vazirga intervyu berish taqiqlanganini aytgan. “Hozirgina Prezident administratsiyasidan qo‘ng‘iroq bo‘ldi: intervyu bo‘lmasin… Sog‘liqni saqlash vaziri shuncha ish qilyapti, nima kerak hozir uni kovlab?” — degan u.

Sog‘liqni saqlash vazirligi esa Prezident administratsiyasi vazir Amrillo Inoyatovga vaziyat bo‘yicha intervyu berishni taqiqlamaganini ma’lum qilgan. Ammo o‘zini vazir yordamchisi deya tanishtirgan shaxs kim ekaniga oydinlik kiritilmagan.

“Bu mavzuga chuqur kirmanglar”

Sog‘liqni saqlash vaziri 26-sentabr kuni 20:00 dan keyin vazirlik binosida jurnalistlar bilan uchrashgan (SSV matbuot xizmati mazkur uchrashuvga “Gazeta.uz”ni taklif qilmagan).

Suhbat davomida vazir jurnalistlarga “Antistrumin” dorisi mavzusiga chuqur kirmaslikni maslahat bergan.

“Birinchidan, bitta narsani iltimos qilaman. Bu mavzu bilan shug‘ullanayotgan odamlar bor. Mayda, bo‘lmag‘ur gaplar… Nima bo‘lsa ham, o‘zi tekshiradi, o‘zi javobini beradi. Bu mavzuga chuqur kirmanglar. Bu bilan shug‘ullanadigan tashkilotlar bor. Ular hammasini ochiq o‘rganyapti. Ijtimoiy tarmoqlarda dorixonalarda 3 baravar arzon, u-bu degan [xabarlar] noto‘g‘ri, provokatsion chiqarilgan…”, — degandi Inoyatov.