Dushanba kuni tongda tahririyatga 80-avtobusda ketayotgan edim. Gagarin ko‘chasidan Parkent bozorigacha bo‘lgan 11 kilometrlik masofani avtobus odatda 50 daqiqada bosib o‘tadi. Ammo 23-oktabr yo‘l oz emas, ko‘p emas naq 2 soat vaqt oldi, chunki poytaxtning bir necha magistral ko‘chalarida bir vaqtning o‘zida olib borilayotgan ta’mirlash ishlari sabab shahar markazi qimir etmaydigan tirbandliklarda qotib qolgandi.

Bobur ko‘chasining aeroportdan to Nukus ko‘chasigacha bo‘lgan qismida yo‘l qoplamasini to‘satdan yangilash boshlab yuborilgani sababli ko‘chaning bu bo‘lagi avtotransport harakati uchun butunlay yopilgandi. Tan olish kerak, Toshkent hokimligi bu haqda o‘zining Telegram-kanalida xabar bergan edi.

Nukus ko‘chasidagi quvurlarni almashtirish ishlarini yakunlamay turib, dushanba kuni bu yerda ham yo‘l qoplamasini yangilashga kirishishgan. O‘tgan hafta ko‘chaning ikkita katta bo‘lagida harakat cheklanib, qarama-qarshi yo‘nalishdagi transport oqimi ham ham bitta qatnov qismidan harakatlanayotgandi. 23-oktabr kuni ko‘chaning yopilgan bo‘laklari ko‘paydi. Sakkizta polosadan faqat uchtasi qoldi: ikkitasi shahar markazidan kelayotgan oqim uchun, bittasi — markazga ketayotganlar uchun. Hech kim bu haqda aholini ogohlantirgani yo‘q, jamoat transporti uchun aylanib o‘tish yo‘llarini o‘ylab ko‘rgani yo‘q.

Oqibatda Nukus ko‘chasiga parallel hisoblangan Shota Rustaveli ko‘chasi qip-qizil tirbandlik ichida qotdi. Avtobuslar o‘zi bilganicha, eplaganicha yo‘nalish tanlay boshladi.

ajratilgan yo‘lak, jamoat transporti, toshkent, urbanistika, yo‘l harakati qoidalari, yo‘l harakati xavfsizligi

“Nukus ko‘chasi qisman yopilgan, transport katta kechikish bilan va tushunarsiz yo‘nalishlar bo‘ylab harakatlanmoqda. Kichik Beshyog‘och, Abdulla Qahhor (Zavodskaya) va boshqa ko‘chalarga kirib-chiqish joylari — yopiq”, — deb yozdi soat 08:06 da Telegram’dagi People3TM kanali.

Avtobus Gagarindan Glinkagacha bo‘lgan masofani 50 daqiqada bosib o‘tdi. Buncha vaqtda men velosipedda nafaqat ofisgacha yetib olishga, yetib borgach bir finjon qahva ichishga ham ulgurardim. Ammo 23-oktabr kuni tirbandlikdan qutulib chiqish imkoni umuman yo‘q edi — qo‘shni ko‘chalar ham tiqilib qolgan edi.

Kichik Beshyog‘och ko‘chasidan burilib chiqishi hamonoq avtobus YTHga uchradi. Anglashimcha, u ortga qayrilib olib, bu tiqilinchdan imkon qadar tezroq chiqib ketishga uringan yengil mashinaga borib urilgandi.

Avtobus yo‘lovchilari juda qo‘rqib ketdi. Salon o‘rtasida turgan keksa bir ayol boshqa yo‘lovchilarning qo‘liga qularkan, boshini tutqichga urib olishiga bir bahya qoldi. Avtobus haydovchisi pachoq bo‘lgan yengil mashinaning tutayotgan kapotini o‘chirishga shoshilib, o‘to‘chirgichni olgancha uchib tushib ketdi. Barcha yo‘lovchilar yo‘lida piyoda davom etdi, avtobus esa markazga ketayotgan transport oqimi uchun xizmat qilayotgan yagona harakatlanish bo‘lagini to‘liq yopib qo‘ydi.

Nukus ko‘chasida 23-oktabr kuni yuz bergan YTH.Nukus ko‘chasida 23-oktabr kuni yuz bergan YTH.

Men Nukus ko‘chasining Istiqbol ko‘chasidagi kesishmasi (sobiq Vinzavod)gacha piyoda borib, u yerdan ishga taksida yetib oldim.

O‘sha oqshom Transport vazirligi tirbandliklarni e’tirof etdi, ammo jamoat transporti yo‘nalishlarini o‘zgartirish bo‘yicha yoki umuman boshqa biror yechim taklif qilmadi. Vazirlikning bunday yondashuvi o‘z ojizligini tan olishdek yangradi: qo‘limizdan hech narsa kelmaydi, ammo sizlar bardam bo‘linglar.

Men har doim shahar avtobuslarini eng xavfsiz transport turi deb hisoblardim, ammo dushanba kuni bunga bo‘lgan ishonchim so‘ndi. Toshkentdagi avtobuslar harakatning boshqa ishtirokchilari oldida ojiz va shuning uchun ham xavfsiz emas. Toshkent avtobuslari muntazam YTHlarga uchraydi hamda yo‘lovchilar salomatligi va hayoti uchun xavf tug‘dirishi mumkin.

Avgust oyida yuz bergan avtobus ishtirokida YTH.Avgust oyida yuz bergan avtobus ishtirokida YTH.

24-oktabr tongida Bobur ko‘chasining yopilgan qismi uzaydi. Endi ko‘cha birato‘la Shota Rustaveli ko‘chasidan boshlab yopilgandi. Tabiiyki, bu haqda biror xabar berilgani yo‘q. Chorrahada xavfli tartibsizlik yuzaga keldi, minglab shaharliklarning asabiyligi esa havoda ham sezilardi.

Seshanba kuni yomg‘ir yog‘magani uchun men vaqtni tejash maqsadida ishga velosipedda yo‘l oldim. Shota Rustaveli ko‘chasidagi tirbandlik deyarli qimir etmasdi. 25-maktab oldida uchta baland “do‘q” etgan ovozni eshitdim: bir mashina boshqasini borib urgan va uyog‘iga “domino effekti” yuz bergan. To‘rtta avtomobil pachoqlangan.

Shaxsiy avtomobil yo taksida ketayotganimda menda muhofazada ekanim haqida xomxayol bo‘lmaydi. Taksi yo‘lovchilari, odatda, o‘zini xavfsiz his qilmaydi. Ehtiyotkor haydovchi nasib qilgan taqdirda ham, u yo‘lni baham ko‘rishga to‘g‘ri keladigan “o‘pka"lardan sizni himoya qilolmaydi. O‘zbekistonda orqa o‘rindiqda xavfsizlik kamarini taqish madaniyati yo‘q. Shu bois kamarni qotirish joyi odatda o‘rindiq ostida qoldiriladi. Shunday ekan, yo‘lovchilarda o‘zini ehtimoliy jarohat yoki hatto o‘limdan jismoniy himoyalanish imkoniyati mavjud emas.

ajratilgan yo‘lak, jamoat transporti, toshkent, urbanistika, yo‘l harakati qoidalari, yo‘l harakati xavfsizligi

24-oktabr oqshomida men uyga o‘zimning odatiy yo‘nalishim bo‘yicha qaytayotgandim. “Rakat” mahallasidagi ko‘chalarning biridan chiqarkanman, supermarketga kirishni reja qildim. Bino oldiga mashinalar qo‘yilgan. Ular va bino orasidagi tor yo‘lakdan piyodalar o‘tib qaytadi, bu yerda trotuar yo‘q. Menda parkovkada turgan mashinalar va yo‘lning qatnov qismi orasidan o‘tishdan boshqa tanlov yo‘q edi. Ammo to‘xtab turgan mashina ortida eng chekkasidan shag‘ali chiqib turgan “yotiq politsiyachi"ni ko‘rmay qoldim. To‘xtashga yoki xavfsizroq manyovr qilishga ulgurmagan bo‘lardim. Shag‘alda velosipedim sirpanib ketib, yiqildim va oldimdan g‘izillab o‘tgan mashina mo‘'jiza tufayligina meni bosib ketmadi.

Menda Toshkent ko‘chalari velosiped harakatlanish uchun xavfsiz degan xomxayol ham bo‘lmagan. Xavf har tarafdan — velosipedchilarni ko‘rmay qoladigan haydovchilardan, quruq hisobot va budjetni o‘zlashtirish uchungina qurilgan veloyo‘laklardan, ko‘chalarning yoritilmaganidan, yo‘llardagi chuqurlardan va chekkasidan shag‘ali chiqib turgan “yotiq politsiyachi” kabi qatnov qismining mayda-chuydadek ko‘rinuvchi kamchiliklardan o‘z ko‘lankasini ko‘rsatib turadi.

Yiqilib olgan jarohatim aytarli jiddiy emas, ammo menda boshqa savol tug‘ildi: agar boshqa biror xavfsizroq variant qolmagan bo‘lsa, shahar bo‘ylab qanday harakat qilish kerak?

2022-yil oktabrida Toshkent transport tizimini kompleks rivojlantirish loyiha ofisi direktori Murod Obidovdan intervyu olgandim. U 2023-yil sentabriga borib tirbandliklarni 2022-yilgi vaziyat bilan taqqoslab bo‘lmay qolishini taxmin qilgandi, chunki poytaxtda ro‘yxatga olingan mashinalar soni, shaharga har kuni 150 ming avtotransport kirib-chiqishini hisobga olmaganda ham, yiliga 100 ming donaga ko‘paymoqda. Shunday qilib, 2022-yil oktabrida Toshkentda 700 ming avtomobil ro‘yxatga olingan bo‘lsa, bugun shahar ko‘chalarida allaqachon 1 million avtomobil harakatlanmoqda. Bu sonni ular amalga oshirayotgan harakatga, masalan, “uy-maktab-ishxona-do‘kon-maktab-uy"ga ko‘paytirsak, kunning yorug‘ vaqtida ham 7 ballik ko‘rsatkichdan pasaymaydigan tirbandliklarga ega bo‘lamiz.

Shahar transporti boshqaruvi uchun har bir avtomobil haydovchisi — bu o‘zining yuqori darajadagi xavf vositasini yo‘lda qanday haydash haqida individual qaror chiqaruvchi alohida bir birlik. Bunday birliklar bir millionta bo‘lsa, ularning xulq-atvorini boshqarish imkonsiz bo‘lib qoladi. Agar ularning aksariyati avtobusda ketayotgan bo‘lsayu, salondagi 100 kishining qanday harakat qilishi haqidagi qarorni bir haydovchi qabul qilsa — unda boshqa gap.

Ammo poytaxtni boshqarayotgan amaldorlar jamoat transportini rivojlantirishdan, tariflari cho‘ntakka sezilarli pullik parkovkalarni tashkil etish hamda belgilanmagan joydagi har bir to‘xtash va to‘xtab turish uchun muqarrar jarimalarni qo‘llashdan qochyapti, avtobuslar uchun alohida ajratilgan bo‘laklarning ishlashini ta’minlay olmayapti, brutto-kontraktlarga o‘tishni, yo‘l haqini to‘lashning moslashuvchan tariflarini joriy etishni va tramvay haqida hatto o‘ylab ko‘rishni ham xohlamayapti. Ularning tasavvurida shaxsiy avtomobil har qanday muammoning yechimiligicha qolmoqda va shu sababli ham unga hech qanaqasiga xalal bermaslik kerak.

Aksincha, ular avtomobilni ilohiylashtiryapti, unga atab go‘yoki chiroyli ko‘priklar va ko‘p polosali aerodromlar qurilyapti. Rekonstruksiya qilinayotgan ko‘chalarning loyihalari, yuqori martabali amaldorlar va xorijiy siyosatchilar kortejlarining yo‘l qatnov qismidan olingan suratlariga qarab, shaharsozlar tasavvuridagi go‘zallik — bu huvillagan keng ko‘chalar ekanini anglash mumkin. Avtomobil erishib bo‘lmas hashamat hisoblangan, odamlar esa har doim liq to‘la avtobuslarda tiqilib ketgan yoki metroga qamalgan sovet sotsializmi dunyosida bunday “go‘zallik” haqiqatga yaqinroq ko‘ringan bo‘lardi, haqiqatan ham.

Ammo mashina sotib olish imkoniyatini taqdim etadigan kapitalizmda go‘zallik haqidagi bunday tasavvurlar masxaromuz va xunuk ko‘rinadi, chunki bu “go‘zallik” qotib qolgan tirbandliklarga, mashinalardan chiqayotgan tutunning badbo‘yligiga, yomon ekologiyaga, yoningdagi hamrohing seni eshitishi uchun unga baqirib gapirishga majbur qiladigan ko‘chadagi shovqinga, ushbu pesa ishtirokchilarining asablariga va, oxir-oqibat, jarohat va o‘limlarga teng.

Shahar yo‘llaridagi vaziyat ssenariysi tole’siz bir muallif yozgan kvest (sarguzasht o‘yin)ga o‘xshaydi. U shahar aholisiga ostona xatlab ko‘chaga chiqishi bilan duch kelishi mumkin bo‘lgan xavf va zararning darajasini tanlashni taklif qiladi. Qanday yetib olmoqchisiz — uzoq va qimmat yoki uzoq va arzon; uzoq va xavfli yoki tez va xavfli; qimmat va asabiy yoki uzoq va asabiy? Shahar ruhiy va jismoniy salomatlikka ijobiy ta’sir qiladigan variantlarni taklif qilmayapti.

Rasmiylar muammolarni yechishga urinyapti, ammo bunga chala-choralar bilan harakat qilyapti. Minglab avtobuslar sotib olingani bilan maqtanishdi, ammo “haydashni ham sotib olishmagani” uchun endi o‘nlab YTHlardan so‘ng yap-yangi qimmatbaho mashinalar ta’mirlanmoqda. Xorijiy ekspertlarni jalb qilib, jamoat transportini rivojlantirish bo‘yicha choralarni ishlab chiqqanliklari bilan maqtanishdi, jamoat transportida yo‘l haqi oshishiga aholini tayyorlab borishda, ammo yakunda narxlarni oshirishga haddilari sig‘madi. Avtobuslar uchun alohida harakatlanish bo‘laklarini chizishdi, ammo bu bo‘laklar haqiqatan ham ishlashi, ish berishi uchun ularni avvalboshdan ko‘chalar o‘rtasida tashkil etishni taklif qilgan ko‘plab ekspertlarning tavsiyalari quloq tutishni o‘zlariga ep ko‘rishmadi. Parkovka muammosini hal qilish haqida katta gapirishdi, bu zarurat ekanini tushuntirishdi, hujjatlar qabul qilishdi, pudratchini ham tanlashdi, ammo Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga to‘xtab turish qoidalarini buzishga oid bir moddani kiritish bilan o‘chib qolishdi.

Bu vaqtda esa Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati shaharning boshqa mas’ullari bilan birga xavfli ko‘chalar muammosini tizimli hal qilish o‘rniga, O‘zbekistondagi yo‘l harakatining shundoq ham eng himoyasiz, amalda haq-huquqsiz ishtirokchilari — piyodalarga qarshi ikki haftadan beri reydlar o‘tkazish bilan band.

So‘nggi kunlardagi ahvol Toshkent xorijiy mehmonlarda zo‘r taassurot qoldirishni istayotganini ko‘rsatmoqda, shu bilan birga u mazkur ko‘zbo‘yamachi tayyorgarlikning moliyaviy yo‘qotishlarini hali uzoq vaqt eslab qoladigan o‘z aholisining cheksiz nafratiga ham sazovor bo‘lmoqda.

Toshkentdagi transport bilan bog‘liq vaziyat hokimiyat va jamiyat o‘rtasidagi munosabatlarning barcha xastaliklarini ochib bermoqda, bunda hokimiyat go‘yoki “katta bo‘lguningcha vaqtinchalik noqulayliklarga chidab turishing kerak” deb, lekin farzandini katta hayotga qo‘yib yuborishga hech shoshilmayotgan ota-onaga o‘xshaydi. Toshkent endi boshqalarning ko‘ziga zo‘r ko‘rinishga urinishni bas qilib, o‘z oilasi uchun zo‘r bo‘lmasa ham, hech bo‘lmasa, yomon ko‘rinmasa yaxshi edi.