Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Yandex.Go`ning O‘zbekistonda soliq rezidenti sifatida ro‘yxatdan o‘tmaganiga izoh berdi.

“Teng raqobatni ta’minlash nuqtai nazaridan xo‘jalik yurituvchi subyektlarning O‘zbekiston hududida soliq rezidenti sifatida ro‘yxatdan o‘tmagani ularning bozordagi ustun mavqeini aniqlashga ta’sir etmaydi”, — deyiladi bayonotda.

Hozirda ushbu sohadagi tegishli normativ huquqiy hujjatlar ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etish jarayonida ekani aytilgan. Jumladan, qo‘mita tomonidan raqamli platformalarga nisbatan ustun mavqeni suiiste’mol qilishga yo‘l qo‘ymaslik va uni nazorat qilishning aniq mexanizmlarini nazarda tutuvchi “Raqamli platforma operatorining ustun mavqei va ustun muzokara kuchini e’tirof etish hamda raqobatning cheklanishiga olib keladigan harakatlarni aniqlash tartibi to‘g‘risida”gi nizom loyihasi ishlab chiqilgan. Hozirda vazirlik va idoralar bilan kelishuv jarayonida.

Shuningdek, raqamli platforma bo‘lgan agregatorlar tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar bozorining tahliliy ishlari yakunlangan va yaqin kunlarda uning natijalari e’lon qilinishi aytilgan.

Eslatib o‘tamiz, mart oyida qo‘mita Yandex kompaniyasi O‘zbekistonda yuridik shaxsni tashkil etmagani masalasi o‘z vakolatlariga kirmasligini, ammo bu monopoliyaga qarshi tartibga solishda qiyinchiliklar tug‘dirayotganini ma’lum qilgandi.

Ma’lumot o‘rnida, mart oyida o‘sha vaqtdagi iqtisodiyot va moliya vaziri Sherzod Kudbiyev Yandex Go`ning soliqqa tortilishi hamda O‘zbekistondagi taksi bozori bilan bog‘liq vaziyatni sharhlar ekan, Iqtisodiyot va moliya vazirligi bozorda teng imkoniyatlar yaratuvchi takliflar ishlab chiqishini ma’lum qilgandi. Bungacha jamoatchilik faollari Yandex Go`ning mamlakatda soliq rezidenti sifatida ro‘yxatdan o‘tishi zarurligi masalasini bir necha bor ko‘targan.

Xususan, moliyachi Otabek Bakirov nima uchun poytaxt va viloyat markazlarida taksi xizmatlari agregatori sifatida ustun mavqega ega bo‘lgan kompaniya O‘zbekistonda soliq to‘lamasligi kerakligi bilan qiziqqandi. Shuningdek, u Yandex Go va uning hamkorlari ko‘rsatilgan xizmatlar uchun fiskal cheklar bermasligini ta’kidlagan.

6-oktabr kuni Davlat soliq qo‘mitasi Yandex Go xizmatlarini taqdim etuvchi Ridetech International B.V kompaniyasidan 1-dekabrgacha O‘zbekistonda soliq rezidenti sifatida ro‘yxatdan o‘tish, soliqlarni to‘lash va mijozlarga fiskal chek taqdim etishni talab qildi. Qo‘mita qo‘ygan talablari bajarilmasa, Raqamli texnologiyalar vazirligiga Yandex Go kompaniyasining O‘zbekiston hududida agregator sifatida foydalanib kelinayotgan elektron platformadan foydalanishni bloklash bo‘yicha rasmiy murojaat qilishini bildirdi.

Ridetech International (Niderlandiyada ro‘yxatdan o‘tgan, Yandex Go xizmatlarini taqdim etadi) bunga javoban O‘zbekistonning soliq rezidentiga aylanishini va 1-dekabrdan keyin ham o‘z faoliyatini davom ettirishini ta’kidladi.