Co‘nggi bir oy ichida Ukraina havo mudofaasi Rossiya qo‘shinlari tomonidan uchirilgan raketalarning atigi 30 foizini urib tushirishga muvaffaq bo‘ldi, deb yozdi The Wall Street Journal.

Nashrning qayd etishicha, so‘nggi olti oy ichida Ukraina havo hujumidan mudofaa kuchlari raketalarning o‘rtacha 46 foizini urib tushirgan, undan avvalgi yarim yillik davr davomida esa havo hujumidan mudofaa samaradorligi ko‘rsatkichi 73 foizni tashkil etgan. Jurnalistlar buni Ukraina Qurolli kuchlari (UQK)ning havo kuchlari tomonidan tarqatilgan ma’lumotlar asosida hisoblab chiqqan (nashrga ko‘ra, mustaqil harbiy tahlilchi bu ma’lumotlar to‘liq kartina haqida tasavvur hosil qilish uchun yetarli deb hisoblagan).

Yo‘q qilish osonroq bo‘lgan dronlar bo‘yicha havo hujumidan mudofaa tizimlari samaradorligi ko‘rsatkichi deyarli o‘zgarmagan — so‘nggi olti oy ichida atigi 1 foizga, o‘rtacha 82 foizgacha pasaygan.

So‘nggi olti oyda Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga raketa va dron hujumlari intensivligini avvalgi olti oyga nisbatan 45 foizga oshirgan. Buning fonida UQKda raketa va dron hujumlaridan eng yaxshi himoya sanaladigan Patriot tizimlari uchun o‘q-dorilar tugayapti, deya qayd etgan WSJ.

Nashr AQSh davlat kotibi Entoni Blinkenning AQSh va Ukrainaning Yevropadagi ittifoqchilari UQK himoya uchun zarur bo‘lgan narsalarni olishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solayotgani haqidagi so‘zlarini eslatib o‘tgan. The Wall Street Journal`ning Yevropa harbiy razvedkasidagi manbasi hisob-kitoblariga ko‘ra, Ukraina armiyasi o‘q-dorilar va mudofaa tizimlari yetib kelgunga qadar taxminan ikki oy turib berishi kerak bo‘ladi.