Shavkat Mirziyoyev 10-may kuni charm va ipak sanoatini rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

O‘tgan yili charm sanoatida ishlab chiqarish hajmi qariyb 3 trillion so‘mga yetgan. Lekin shuning yarmi Andijon va Farg‘ona viloyatlariga to‘g‘ri kelgan. Teri xomashyosi ko‘p bo‘lgan Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Jizzax, Surxondaryo va Xorazmda bu ko‘rsatkich past, dedi davlat rahbari.

Tarmoq eksportida birlamchi mahsulot o‘rni yuqori, tayyor mahsulot ulushi atigi 30 foiz atrofida. Terini qayta ishlash darajasi ham yetarli emas. Bunda chorvachilik klasterlaridan to‘la foydalanilmayapti, dedi u.

Shu bois endi “Charmsanoat” uyushmasi faoliyati o‘zgartirilib, bu tarmoqqa Xalq banki biriktiriladi. Viloyat hokimlari bilan birgalikda, charmga ixtisoslashgan kichik sanoat zonalarida 100 million dollarlik loyihalar shakllantiriladi.

Sharof Rashidov va Ohangaron tumanlarida charm klasterlari tashkil qilinadi. Ularda suv tozalash inshooti va bino qurish uchun 40 million dollar “arzon resurs” yo‘naltiriladi. Loyihalarga tabiiy va sun’iy charmdan mahsulot chiqaruvchi xorijiy brendlar jalb etiladi. Buning uchun sorsing kompaniyalariga sarflangan korxona xarajatining 30 ming dollargacha qismini qoplab berish yo‘lga qo‘yiladi.

Chorvachilik klasterlariga ozuqabop ekin uchun yer hamda zotli qoramol uchun kam foizli kreditlar ajratiladi.

Ipakchilik sohasida esa keyingi yillarda klaster tizimi joriy etilgan. 74 ta pilla-ipakchilik klasteri va 11 ta urug‘chilik korxonasi tashkil qilingan. Tut maydonlari 40 ming gektardan 55 ming gektarga kengaygan. Bularning natijasida pilla yetishtirish hajmi 2,5 barobar oshib, 26 ming tonnaga yetgan, ipak mahsuloti eksporti 3 barobar ko‘paygan.

Biroq prezidentning ta’kidlashicha, ipak qurtini parvarishlash, kasallikdan saqlash agrotexnikasi yetarlicha rivojlanmagan. Oqibatda pilla olishda yo‘qotish nisbatan ko‘p.

Sanoat eksporti hamon xomashyoga asoslangan. Shu bois pillani chuqur qayta ishlash va tayyor mahsulot hajmini, mato va uy tekstili quvvatlarini ko‘paytirish zarurligi ta’kidlandi. Bu orqali dunyoda ipak mahsulotlari importining 45 foizi to‘g‘ri kelayotgan Yevropa bozoridan o‘rin olish kerak.

Pillachilikdagi eng dolzarb muammo ozuqa ta’minoti bo‘lib qolmoqda. Bu muammoni hal qilish uchun tutning yangi serhosil navlarini ekishni kengaytirish zarur. Paxta maydonlari chetiga bir-ikki qatordan tut ekilsa, qo‘shimcha ozuqa manbai yaratilishi mumkin, dedi prezident.

Hokimlarga yangi tutzorlar tashkil qilish uchun 105 ming gektar yer ajratish topshirildi. Bu yerlar lotlarga bo‘linib, auksion orqali aholiga beriladi, auksionda yerning boshlang‘ich narxi 10 foiz etib belgilanadi. Band bo‘lmagan aholi, jumladan, ayollar monomarkazlar va pillachilik klasterlarida qisqa kurslarda o‘qitiladi.

Pilla sotib olish narxining pastligi aholida qiziqish uyg‘otmagan. Shu bois prezident xarid narxini 25 foizga oshirish qarorini imzoladi. Shu bilan birga, ipak qurti yetishtiruvchilar daromad va ijtimoiy soliqlardan ozod qilinib, tutzorlar uchun 10 foizlik soliq stavkasi belgilandi.

O‘simliklar karantini va himoyasi agentligiga kanakunjut o‘simligi hamda qurti urug‘larini olib kelib, Ipakchilik institutida sinovdan o‘tkazish topshirildi. Ipak qurti yetishtirishning bu usuli Xitoyda keng qo‘llanadi.

Gilam ishlab chiqarish uchun polipropilenni markazlashgan holda xarid qilish davom ettiriladi va moliyalashtirish ikki barobarga — 9 million dollardan 18 million dollargacha oshiriladi. Xorijiy valyuta tushumigacha bo‘lgan vaqt inobatga olinib, tadbirkorlarga polipropilen 1 yilgacha (hozir 3 oydan 6 oygacha) muddatga beriladi.

Tadbirkorlar tomonidan ko‘tarilgan muammo va takliflarni eshitgan prezident tadbirkorlarga Yevropa bozorlariga chiqish uchun sertifikat olishda ko‘maklashish, xorijiy mutaxassislarni jalb qilish, chet ellardagi savdo uylarida milliy charm, gilam va ipak mahsulotlarini ham joylashtirish, malakali o‘rta bo‘g‘in xodimlarini tayyorlash va boshqa masalalar bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.