O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Fanlar akademiyasi bilan birgalikda akademik F.Rusanov nomidagi Toshkent botanika bog‘i faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risidagi hujjat loyihasini hukumat muhokamasiga kiritdi.

Vazirlik matbuot xizmatining 10-oktabr kuni xabar berishicha, loyihada bog‘ning ilmiy salohiyatini mustahkamlash, moddiy-texnik bazasini yaxshilash, shuningdek, filiallar tashkil etish orqali uning tajribasini respublika hududlariga kengaytirish ko‘zda tutilgan. Qaror loyihasi 2023-yil sentabr oyida ishlab chiqilgan va hozirda boshqa idoralar bilan kelishish bosqichida.

Bunday hujjat ishlab chiqilgani haqida 7-oktabr kuni Fanlar akademiyasi mamlakatdagi 195 ta madaniyat va istirohat bog‘i bilan birga Botanika bog‘ini ham hokimliklar huzuridagi bog‘larni boshqarish direksiyalari ixtiyoriga o‘tkazish rejalari haqida ma’lum bo‘lganidan keyin e’lon qilgandi.

Ekologiya vazirligi va Fanlar akademiyasining loyihasida 1943-yilda tashkil etilgan Botanika bog‘ining mavjud o‘simlik turlari tarkibini boyitish, sun’iy yaratilgan sharoitlarda yetishtiriladigan yovvoyi holda o‘suvchi hamda chet el floralariga mansub introdutsent o‘simliklar turlarini ko‘paytirish, mintaqaning tabiiy-iqlim sharoitlaridan kelib chiqqan holda turli sohalarda foydalanish uchun tajriba hamda realizatsiya qilish ko‘chatxonalarini tashkil etish, O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan, noyob va yo‘qolib borayotgan O‘zbekiston florasi turlarini saqlash va tabiiy sharoitga reintroduksiya qilish, mahalliy va iqlimlashtirilgan dorivor o‘simliklar genofondini saqlash va boyitib borish ko‘zda tutilgan.

Umumiy maydoni 66 gektardan iborat bo‘lgan bog‘da turli mintaqalardan jamlangan 2400 dan ortiq o‘simlik turlari va navlari o‘stirilmoqda. Botanika bog‘i bioxilma-xillikni saqlash, ekologiya bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish, manzarali, qimmatbaho, dorivor o‘simliklar, daraxt va butalarni introduksiyalash va yetishtirish agrotexnologiyalarini ishlab chiqish yo‘nalishlarida tadqiqotlar olib boruvchi yetakchi ilmiy akademik tashkilot hisoblanadi.

“Botanika bog‘ida O‘zbekiston tabiiy florasiga mansub o‘simliklar genofondi saqlanmoqda. Ushbu genofond orqali mamlakat bo‘ylab O‘zbekiston florasida hozirgi kunda mavjud bo‘lmagan o‘simlik turlarini yetishtirish va o‘stirish imkoniyati mavjud. Ushbu noyob ilmiy maskanning tasarrufdan chiqarib, boshqa vazirlik yoki idoraga berilishi mamlakatimizda botanika sohasidagi fundamental tadqiqotlarning jiddiy susayishiga hamda mintaqadagi ilmiy pozitsiyaning kuchsizlantirilishiga olib keladi”, — deya ma’lum qildi Ekologiya vazirligi.

“Yuqoridagilarni inobatga olib, shuningdek, o‘simlik turlarini saqlash va muhofaza qilish, kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan o‘simlik turlari, dorivor va manzarali, texnik jihatdan ahamiyatli o‘simlik turlarining populyatsiyalariga zarar yetkazmaslik hamda ularning degradatsiyasining oldini olish maqsadida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan Botanika bog‘ini madaniyat va istirohat bog‘iga aylantirish tasdiqlanmaydi”, — deyiladi xabarda.

Ekojurnalist, Sreda.uz sayti muallifi Nataliya Shulepina birinchi bo‘lib Botanika bog‘ini Fanlar akademiyasi tasarrufidan hokimlik tasarrufiga o‘tkazish rejasidan xavotir bildirdi. Uning o‘rganishlari aksariyat davlat idoralari hujjat loyihasi bo‘yicha kelishganini ko‘rsatdi. Jamoatchilik noroziligidan so‘ng Botanika bog‘i hokimliklar tasarrufiga o‘tkazilishi rejalashtirilgan istirohat bog‘lari ro‘yxatidan chiqarilgani rasman e’lon qilindi.

Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzurida madaniyat va istirohat bog‘larini boshqarish direksiyalarini tashkil etish hamda barcha davlat madaniyat va istirohat bog‘larini ularning tasarrufiga o‘tkazish prezidentning 24-martdagi iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorida ko‘zda tutilgan edi.

Natalya Shulepina va boshqa faollar qarorni qabul qilishga shoshilmaslikka chaqirmoqda.