Davlat universitetlariga kirish imtihonlaridan minimal o‘tish ballari o‘zgardi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish va davlat buyurtmasini shakllantirish tizimini takomillashtirishga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, o‘qishga kirish uchun minimal o‘tish balini 2 bosqichda oshirib, sog‘liqni saqlash, huquq, biznes va boshqaruv yo‘nalishlari uchun — 94,5 ball, boshqa yo‘nalishlar uchun — 75,6 ball etib belgilanadi (amalda barcha yo‘nalishlar uchun — 56,7 ball).

Shuningdek, davlat granti talabalar uchun ta’lim granti va ijtimoiy-rag‘batlantiruvchi grant shaklida ajratiladi. Bunda:

  • ta’lim granti — talabalarga bir o‘quv yili uchun ajratiladi hamda 1-kursda o‘qishga kirish natijalari bo‘yicha, 2-kursdan boshlab reyting ko‘rsatkichlari bo‘yicha eng yuqori ball to‘plagan talabalarga ajratiladi;
  • ijtimoiy-rag‘batlantiruvchi grant — maqsadli qabul va imtiyoz asosida qabul qilingan talabalarga butun o‘qish davri uchun beriladi;
  • sirtqi ta’lim shakli uchun kvotalarni kunduzgi ta’lim shakli uchun ajratilgan kvotadan oshirmaslik belgilanadi.

Ta’kidlanishicha, sirtqi ta’lim shakli bosqichma-bosqich masofaviy ta’lim shaklini kengaytirish va uzaytirilgan ta’lim shakli joriy etish orqali tugatiladi.