Vengriya O‘zbekistonning atom energetikasi bo‘yicha mutaxassislarini tayyorlashni boshladi, dedi 7-may kuni Toshkentga tashrifi chog‘ida tashqi ishlar va savdo vaziri Peter Siyarto.

“O‘zbekiston 2030-yilgacha elektr energiyasiga bo‘lgan talab ikki baravar oshishini hisobga olib, AES qurishga hozirlik ko‘rmoqda. Biz vengerlar ham xuddi shunday qilyapmiz, Pakshda ikkita yangi energoblok qurishga hozirdanoq tayyorgarlik ko‘rilmoqda, atom energetikasi sohasida bir necha o‘n yillik tajribamiz borligi sababli biz Vengriyada o‘zbek atom energetikasi bo‘yicha bo‘lajak mutaxassislarni tayyorlashni allaqachon boshlaganmiz”, — deb yozdi u Facebook sahifasida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar agar O‘zbekiston “Rosatom” bilan AES qurish bo‘yicha shartnoma imzolasa, Vengriya sovutish texnologiyasidan foydalanishga kelishib olgan.

“Bu 100 million dollardan ortiq shartnoma bo‘ladi va Vengriya tarixidagi eng muhim energiya eksportlaridan biriga aylanadi”, — dedi vazir.

7-may kuni Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Vengriya hukumatlararo komissiyasining to‘qqizinchi majlisi doirasida o‘zbek-venger biznes forumi bo‘lib o‘tgandi. Tadbirda 200 dan ortiq ishbilarmon doiralar vakillari, vazirlik va idoralar rahbarlari, ekspertlar ishtirok etgan.

Vengriya va O‘zbekiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash 2010-yildan buyon 86 foizga o‘sdi va o‘tgan yili 100 million dollardan oshdi. O‘zbekistonga Vengriyaning 29 kompaniyasi rahbarlari ham tashrif buyurdi. Vengriya farmatsevtika zavodini qurishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda, O‘zbekiston oziq-ovqat sanoatiga ham sarmoya kiritilishi kutilmoqda. OTP Bank`ning O‘zbekiston bozoriga kirishi ham yangi imkoniyatlar yaratmoqda va O‘zbekiston hukumati Vengriya biznesi uchun alohida zona ajratmoqda, deya ta’kidladi Peter Siyyarto.

Piter Siyyarto investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov bilan.Piter Siyyarto investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov bilan.

30-iyundan boshlab Toshkent va Budapesht o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar tiklanadi. Bundan tashqari, 2023-yil avgust oyida tomonlar qo‘shma jamg‘arma tuzishga kelishib olgandi. Vengriya tashqi ishlar vaziri joriy tashrifi chog‘ida jamg‘arma hajmini 50 million yevrodan 150 million yevrogacha oshirishga tayyorligini ma’lum qildi.

O‘zbekiston va Vengriya 2020-yil iyul oyida yirik issiqlik stansiyalarida, jumladan, Vengriyaning Eniox kompaniyasi tomonidan foydalaniladigan AESlarda aylanma suvni sovutish uchun “quruq” texnologiyadan foydalanishni muhokama qilgandi. Vengriya tomoni ushbu loyihada Eniox ishtirokida “Vengriya Eksimbanki"ni 130 million yevro miqdorida moliyalashtirishga tayyorligini bildirgan.

“Paks” atom elektr stansiyasi Vengriyada 1982-yildan beri ishlaydi. 2032-yildan boshlab uning energiya bloklarini rejalashtirilgan to‘xtatish boshlanadi. Hozir Vengriyada VVER-1200 reaktorlari asosidagi ikkita energoblokli “3+” avlod rusumidagi “Paksh-2” AESni qurish loyihasi start oldi. Uning qurilishi 2024-yilda boshlanadi.

“O‘zatom” agentligi rahbari Azim Axmedxadjayev may oyi boshida Rossiya bilan O‘zbekistonda AES qurish bo‘yicha muzokaralar haqida gapirgan edi. “Faqat gaplashyapmiz, umumiy gaplar bo‘lyapti. Hali hech narsa aniq emas”, — degandi u va tomonlar hamkorlikning turli yo‘nalishlarini muhokama qilayotganini ta’kidlagandi.