Germaniya politsiyasi va bojxona xodimlari Myunxen va Tegernze shaharlaridagi bir nechta ko‘chmas mulk obyektlarini tintuv qildi. Ular Rossiyaning Ukrainadagi urushi sabab Yevropa sanksiyalariga uchragan rossiyalikka tegishli ekani aytilgan. Reuters`ning yozishicha, gap Alisher Usmonov haqida ketmoqda.

Germaniya bojxona organlari tomonidan sanksiyalar bo‘yicha tuzilgan “Matryoshka” maxsus komissiyasi tintuvlar sud qarori asosida o‘tkazilganini ma’lum qildi. Shuningdek, mamlakat rasmiylari rossiyalikning ismini oshkor qilmagan.

Reuters suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, gap milliarder Alisher Usmonov haqida ketmoqda.

Germaniyaning Bild nashri ham politsiya Usmonovning Bavariyadagi Rottax-Egern shahrida joylashgan, Tegernze ko‘li qirg‘og‘idagi villasiga reyd uyushtirgani haqida yozdi. Nashrga ko‘ra, uydagi qimmatbaho buyumlar, jumladan, Mercedes Maybach S500 kabi qimmatbaho avtomobillar olib qo‘yilgan.

“Germaniya huquq-tartibot idoralarining Alisher Usmonovga nisbatan xatti-harakatlari kuchli hayrat va uyat hissini uyg‘otadi”, — deya qayd etgan Usmonov matbuot xizmati “RIA Novosti"ga.

Usmonov vakillari tintuvlar hozirda milliarder nazorati ostida bo‘lmagan obyektlarda o‘tkazilganini ta’kidlagan.

“Bir paytlar o‘zi tashkil etgan trest mulkiga nisbatan Usmonov uning ta’sischisi ekanini, biroq egasi emasligini, uning aktivlarini boshqarish yoki nazorat qilish huquqiga ega emasligini ta’kidladi. Shundan kelib chiqib, u hozirda trestga tegishli mulk bilan nima sodir bo‘layotganini bila olmaydi”, — deya qo‘shimcha qildi matbuot xizmati.

“Shuni ta’kidlab o‘tishni istaymizki, bo‘lib o‘tgan tintuv qo‘rqitish va siyosiy ta’qibning millatga ishora qiladigan navbatdagi epizodidek ko‘rinadi, bu nemis bojxonasining „Matryoshka“ maxsus tergov komissiyasi nomida ham yashirib o‘tirilmaydi”, — deya ta’kidladi tadbirkor vakili.