Venesuela zamonaviy tarixda barcha muzliklarini yo‘qotgan ilk davlatlardan biriga aylandi, deb yozmoqda Guardian va BBC. Olimlar Hambold muzligini — mamlakatdagi oxirgi muzlikni — kutilganidan tezroq erishi oqibatida qayta tasniflashiga to‘g‘ri keldi.

Ilgari Venesuelada dengiz sathidan taxminan 5000 metr balandlikda joylashgan Serra-Nevada-de-Merida tog‘ tizmasida oltita muzlik bor edi. 2011-yilga kelib, beshta muzlik erib bitdi va faqat La Korona deb nomlanuvchi Hambold muzligi qolgandi.

Olimlar Hambold muzligi kamida yana o‘n yil mavjud bo‘lishini kutgandi, ammo hisoblashlar shuni ko‘rsatdiki, u tezroq erimoqda va 2 gektardan kamroq maydonga qisqargan.

O‘tgan yilning dekabr oyida, muzlikni saqlab qolish uchun so‘nggi urinishda, Venesuela hukumati muzlikning qolgan qismi ustiga erishning oldini olish maqsadida termal qoplamani o‘rnatgandi. Ushbu harakat iqlimshunoslarning tanqidiga sabab bo‘ldi, ular qoplama parchalanishi bilan atrof-muhit plastik zarralar ta’sirida ifloslanishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

Guardian nashrining ta’kidlashicha, Venesuela muzliklari mintaqani suv bilan ta’minlashda uncha katta bo‘lmagan rolni o‘ynagan, ammo Peru kabi boshqa mamlakatlarda ular aholini toza suv bilan ta’minlaydi.

Global isish tufayli muzliklar so‘nggi bir necha o‘nyilliklarda tez sur’atlarda erib bormoqda. 2021-yilda nashr etilgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, so‘nggi yigirma yil ichida muzliklar har yili taxminan 267 gigaton muzni yo‘qotgan va bu ko‘rsatkich o‘sib bormoqda.