1-noyabrdan maishiy iste’molchilarga 1000 kVtdan ko‘p elektr energiya iste’moli uchun belgilangan tarifga nisbatan 4 barobargacha o‘suvchi koeffitsiyent qo‘llaniladi. Bu hukumatning 2018-yil 12-yanvardagi [22-son] elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibiga oid qaroriga kiritilgan o‘zgartirishlarda aks etgan.

Unga ko‘ra, amaldagi tarif 295 so‘mligicha qolmoqda, faqat ko‘proq elektr sarflagan aholi ko‘proq to‘lov qilishi belgilab berilmoqda.

tariflar, elektr energiyasi

Biroq, 1-noyabrdan kuchga kiradigan mazkur qarorning 63−3-bandiga kiritilgan o‘zgartirish to‘g‘risidagi Vazirlar Mahkamasi qarori matni omma uchun e’lon qilinmadi. U hattoki, Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi — Lex.uz`ga ham joylanmagan.

tariflar, elektr energiyasi

Yangi tartibga ko‘ra, elektr energiyasining quvvati o‘rtacha oylik iste’mol miqdoridan oshib ketgan III guruh iste’molchilari, ya’ni maishiy iste’molchilarga:

  • 1 001 dan 5 000 kVt soatgacha iste’mol uchun belgilangan tarifga nisbatan 2 barobar (amaldagi tarif 295 so‘m, ikki baravari 590 so‘m);
  • 5 001 dan 10 000 kVt soatgacha iste’mol uchun belgilangan tarifga nisbatan 3 barobar (885 so‘m);
  • 10 000 kVt soatdan yuqori iste’mol uchun belgilangan tarifga nisbatan 4 barobar (1180 so‘m) o‘suvchi koeffitsiyent qo‘llaniladi.

Ushbu tarif guruhi bo‘yicha aholi tomonidan turmush ehtiyojlari uchun uy-joylarda, xonadonlarda, yotoqxonalarda, yordamchi xo‘jaliklarda, shaxsiy foydalaniladigan tomorqa bog‘ obyektlarida, shu jumladan bog‘ shirkatlari va dala hovlilar sug‘orish nasoslari, shaxsiy avtomashinalar uchun garajlarda sarflanadigan elektr energiyasi haqi tok qabul qilgichlarning quvvati hamda hisobga olish asboblarining o‘rnatilgan joyidan qat’iy nazar, to‘lanadi.

Shuningdek, tashqi reklama obyekti (konstruksiyasi) (video-ekranlar, elektron displeylar, media fasad va boshqa texnik vositalar) uchun foydalanilgan elektr energiyasiga to‘lovlar tegishli tarif guruhiga asosan belgilangan tarifga nisbatan 3 barobar o‘suvchi koeffitsiyentga muvofiq amalga oshiriladi.

Energetika vazirligi matbuot kotibi Hasan Toshxo‘jayev o‘suvchan koeffitsiyent aholi iste’molchilarining 98 foiziga mutlaqo ta’sir qilmasligini ta’kidladi.

“Chunki mamlakatimizdagi 7 million 589 mingdan ziyod abonentning atigi 146 mingdan ortig‘i 1000 kilovatt/soatdan ko‘p elektr energiyasi yoqadi xolos. Ularning atigi 10 ming nafarigina oyiga 5 ming kilovatt/soatdan oshiq, bor-yo‘g‘i, 4 mingdan ortiq iste’molchi esa oyiga 10 ming kilovatt/soatdan ziyod elektr energiyasi iste’mol qiladi”, — deb yozdi u.

Uning aytishicha, odamlarda tejamkorlik kayfiyatini kuchaytirish hamda “yashirin iqtisodiyot” unsurlariga barham berish uchun qo‘shimcha o‘suvchan koeffitsiyent qo‘llanilishi nazarda tutilmoqda.

Bir oyda 1000 kilovatt/soatgacha elektr energiyasi sarflagan odam buning uchun belgilangan tarif narxida — 295 so‘mdan to‘laydi. 1001 kilovatt/soatdan 5000 kilovatt/soatgacha sarflasa, 1000 kilovatt/soat uchun 295 so‘mdan, qolgan iste’mol uchun esa 590 so‘mdan to‘laydi.

“O‘suvchan koeffitsiyentgacha bir oyda 9420 kilovatt/soat sarflagan iste’molchi bunga 2 million 778 ming 900 so‘m to‘lardi. Ya’ni u bir oyda 6 million 358 ming 500 so‘m shartli subsidiya olgani holda, aholining qolgan 98 foiz qismidan ko‘ra bir necha o‘n karra ko‘proq elektr energiyasini iste’mol qilardi. 1-noyabrdan keyin bunga chek qo‘yiladi”, — deydi Energetika vazirligi matbuot kotibi.

Energiya bozorini liberallashtirish harakati

O‘zbekistonda gaz va elektr energiyasiga tariflar oxirgi marta 2019-yil avgust oyida oshirilgan edi. Energiya resurslari bo‘yicha narxlarni liberallashtirish va energetika sohasini isloh qilish ishlari bir necha bor ortga surilgan.

Hukumat 2020-yilning fevral-mart oylarida elektr energiyasi va gaz tariflarini oshirishni rejalashtirgan edi, biroq koronavirus pandemiyasi tufayli bu chorani keyinga qoldirgan. 2020-yil oktabr oyida “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati raisi Ulug‘bek Mustafoyev prezident tomonidan 2021−2022-yillarda elektr energiyasi tariflarini oshirmaslik vazifasi qo‘yilgani haqida ma’lum qilgandi.

Biz 2022-yil may oyida O‘zbekistonda 7,3 million abonent elektr energiyasi iste’mol qilishi, ularning 80 foizi oyiga o‘rtacha 200 kVt/soatgacha elektr energiyasini sarflashi haqida yozgandik. Vaholanki, bu uy xo‘jaliklari aholi tomonidan iste’mol qilinadigan umumiy elektr energiyasining atigi 31 foizini (5,7 milliard kVt/soat) tashkil etadi.

4 million gaz abonentining 85 foizi oyiga o‘rtacha 500 kub metrgacha gaz iste’mol qiladi. Shu bilan birga, ular aholi umumiy iste’molining atigi 35 foizini (4,5 milliard kub metr) tashkil qiladi.

Hukumat 2022-yil 15-iyuldan energiya iste’molining ijtimoiy normasini joriy etishni va limitlarni joriy qilishni rejalashtirgan edi, chunki ko‘proq iste’mol qilganlar davlat subsidiyalarining katta qismini oladi, biroq keyinchalik bu boradagi qaror keyinga qoldirilgan.

O‘tgan yil oxirida prezident aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlagan holda energiya resurslariga bozor narxlarini joriy etish zarurligini ta’kidlagandi.

Fevral oyida Markaziy bank rahbari o‘rinbosari Behzod Hamroyev may oyida elektr energiyasi va gaz narxlarining liberallashtirilishi kutilayotgani haqida xabar bergandi. Mart oyi oxirida iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov 2023-yilda energiya resurslari uchun tariflarni oshirish rejalashtirilmagani, biroq bu masala muhokama qilinayotganini aytgan.

16-sentabr kuni Vazirlar Mahkamasi 1-oktabrdan yirik korxonalar, budjet tashkilotlari, kompaniyalar va boshqa yuridik shaxslar uchun elektr energiyasi va gaz narxlari oshirilishi bo‘yicha qaror qabul qildi. O‘shanda tariflar aholi uchun o‘zgarishsiz qolgandi.

Iqtisodchi Behzod Hoshimovning ta’kidlashicha, O‘zbekiston energetika sohasidagi joriy narx siyosati kambag‘allarning qashshoqlashishiga, boylarning boyib ketishiga olib kelmoqda. Energetika kompaniyalariga bozordan tashqari narxlarni qo‘llab-quvvatlash uchun berilgan milliardlab dollarlik subsidiyalar boylar uchun ko‘proq foydalidir, degan u.