Rossiyaning “Gerofarm” farmatsevtika kompaniyasi O‘zbekistonning Zuma Pharma korxonasi bilan mamlakatda insulin ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha hamkorlik 2023-yil iyul oyida to‘xtatilganini “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.

2022-yil aprelida O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirining o‘sha paytdagi birinchi o‘rinbosari Amrillo Inoyatov, “Gerofarm” savdo bo‘yicha direktori Vladimir Skornyakov va Zuma Pharma ta’sischisi Nodir Yunusov “Innoprom. Markaziy Osiyo” ko‘rgazmasi doirasida insulin preparatlarini ishlab chiqarish va yetkazib berish bo‘yicha loyihani ishlab chiqish chora-tadbirlarini boshlash to‘g‘risida imzolangan memorandumlarni almashgandi.

Bir necha kun avval “Gazeta.uz” “Antistrumin” yod tabletkalarini ishlab chiqaruvchi Samo farmatsevtika kompaniyasi va uning sobiq hammuassisi Nodir Yunusovga bag‘ishlangan maqolasida bu haqda eslatib o‘tgandi. Nodir Yunusov Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registrida Zuma Pharma kompaniyasi rahbari sifatida qayd etilgan (3-oktabr holatiga ko‘ra).

“Gerofarm” kompaniyasi tahririyatga iyul oyida O‘zbekiston prezidenti administratsiyasining o‘sha paytdagi rahbari Sardor Umurzakov va Rossiya Federatsiyasi bosh vazirining o‘rinbosari, sanoat va savdo vaziri Denis Manturovga yuborilgan xat nusxasini jo‘natdi.

“Kompaniyalar bir qator muzokaralarda hamkorlikning asosiy tijoriy shartlari bo‘yicha kelisha olmagani sababli O‘zbekistonda insulin ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha hamkorlikni to‘xtatishga qaror qildi”, — deyiladi unda.

Shuningdek, xatda “kompaniyalar bundan keyin ham O‘zbekiston Respublikasida mustaqil ravishda va erkin rivojlanish huquqini o‘zida saqlab qolishi” aytiladi.

“Gerofarm” kompaniyasi 2021-yildan buyon O‘zbekistonda insulin ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirayotganini qayd etdi.

““Gerofarm”ning O‘zbekiston bozorini rivojlantirish va mamlakatda insulin ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha rejalari o‘zgarishsiz qolmoqda”, — deyiladi kompaniya xabarida.

Bundan tashqari, “Gerofarm” insulin yetkazib berishda davom etmoqda — 2022-yilning dekabr oyidan buyon kompaniya O‘zbekistonning budjet va tijorat kanallariga “hayot uchun muhim dori vositalarining imtiyozli ta’minot, shuningdek, mamlakat dorixonalari mavjudligini ta’minlash uchun 33 ming qadoqdan ortiq insulin yetkazib berdi”.

sentabr oyida kompaniya ikkinchi marta O‘zbekistondagi endokrinologik dispanserlar shifokorlari uchun o‘quv dasturini tashkillashtirdi. Birinchi intensiv o‘quv dasturi 2022-yil avgust oyida tashkil etilgandi. O‘quv dasturining maqsadi O‘zbekistonning barcha hududlaridagi qandli diabet maktablari uchun trener-o‘qituvchilarni tayyorlashdan iborat.

Umuman olganda, O‘zbekistonda “Gerofarm”ning 5 ta insulin preparati, shuningdek, nevrologiya va oftalmologiya sohasidagi original dori vositalari ro‘yxatga olingan. Yil oxirigacha yana bir nechta insulin va original dori vositalari yetkazib berishni tashkil etish rejalashtirilgan.