Toshkentda o‘qotar qurollar saqlab kelgan shaxslar qo‘lga olindi, deya xabar qildi DXX.

Qayd etilishicha, Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida poytaxt hududida tezkor tadbirlar olib borilgan. Давомида, Buxoro shahrida tug‘ilgan bir nechta shaxslarning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida, ularning doimiy yashash manzillarida jangovar qurol va o‘q-dorilar borligi aniqlandi.

Jumladan, 1973-yilda tug‘ilgan shaxsning Buxoro shahridagi yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda, uyning tom qismiga yashirib qo‘yilgan 3 dona Makarov pistoleti va 21 dona patroni, 1 dona TT pistoleti va 5 dona patroni hamda 1 dona tovushni pasaytiruvchi qurilma (glushitel) protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Aniqlanishicha, mazkur shaxs jinoiy sheriklari bilan birgalikda, ushbu qurollarni va o‘q-dorilarni muqaddam Rossiyadan kontrabanda yo‘li bilan olib kelishgan.

Sudga oid ballistik ekspertiza xulosasiga ko‘ra, qurollar va o‘q-dorilar jangovar holatda bo‘lib, foydalanishga yaroqli hisoblanadi.

Bundan tashqari, ulardan birining xonadonidan qirqma holatiga keltirilgan va tegishli hujjatlari bo‘lmagan 2 dona ov miltig‘i hamda 6 dona o‘q-dori tegishli tartibda olindi.

Hozirda Jinoyat kodeksining 246 (Kontrabanda) va 248-moddalari (O‘qotar qurolning, o‘q-dorilarning, o‘qotar qurol asosiy qismlarining, portlovchi moddalarning, portlatish vositalarining yoki portlatish qurilmalarining qonunga xilof muomalasi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.