O‘zbekiston yagona stavkadan voz kechib, progressiv soliqqa tortish shkalasiga qaytishi mumkin. Bu haqda 16-may kuni “Rossiya — Islom olami: KazanForum — 2024” xalqaro iqtisodiy sammitida O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasining Strategik rejalashtirish boshqarmasi boshlig‘i Timur Ismoilov ma’lum qildi, deb yozmoqda Spot.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ilgari progressiv soliq shkalasi amalda bo‘lgan davrda ish haqining katta qismi konvertda to‘langan. Yagona ijtimoiy to‘lov (YAIT) va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i (JSHDS) stavkalarining pasaytirilishi o‘z vaqtida “tadbirkorlik subyektlari uchun ishchilarni rasman jalb qilishni foydaliroq bo‘lishiga” intilish maqsadi bilan izohlangan.

Qo‘mita vakilining ta’kidlashicha, aksariyat xorijiy mamlakatlarda soliqqa tortishning progressiv shkalasi qo‘llanadi.

“O‘ylaymanki, vaqt o‘tishi bilan bularning barchasi shakllanib bo‘lganda va tizim to‘liq mustahkamlanganda, soliqqa tortishning progressiv shkalasiga [o‘tish] haqida o‘ylash mumkin bo‘ladi”, — degan Timur Ismoilov tinglovchilardan birining savoliga javoban.

Sessiyada Rossiya, Qirg‘iziston va Ozarbayjon soliq organlari vakillari progressiv soliq shkalasiga o‘tish fikrini qo‘llab-quvvatladi. Argumentlardan biri sifatida ijtimoiy adolatni ta’minlash keltirildi.

O‘zbekistonda barcha fuqarolar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining yagona stavkasi 2019-yildan boshlab (12 foiz miqdorida) joriy etilgan.