Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanida 5 tup chinor daraxtini kesgan fuqarolar ozodlikdan mahrum qilindi, deya xabar bermoqda ️viloyat Ekologiya boshqarmasi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, 2023-yil 5-dekabr kuni fuqaro Sh. I. o‘zining 4 nafar tanishi bilan tumanning Mash’al mahallasidagi “Ma’rufxon hosil baraka” fermer xo‘jaligiga qarashli dala maydoniga borib, motorli arra va boshqa ish qurollari yordamida 5 tup sharq chinori daraxtini tag qismidan kesib olgan. Ko‘p yillik daraxtlarga yetkazilgan zarar miqdori 247 million 180 ming so‘m bo‘lgan.

Ular daraxtlarni bo‘laklarga bo‘lgan va KamAZ yuk mashinasiga joylab, Toshkent shahrida xalq tilida “Taxta bozori” deya ataluvchi bozorda sotish uchun olib ketayotganida ichki ishlar xodimlari tomonidan to‘xtatilgan.

Boshqarmaning “Gazeta.uz”ga aniqlik kiritishicha, 2-may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha O‘rta Chirchik tumani sudi hukmi bilan ular Jinoyat kodeksining 198-moddasi (Ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan deb topilgan.

Fuqaro Sh. I.ga 2 yil, qolgan sheriklarining bir nafariga 2 yil, uch nafariga esa 1 yildan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.