28-sentabrga o‘tar kechasi Toshkent shahri Sergeli tumanidagi omborxonada kuchli portlash yuz berishi ortidan shahar va tuman mutasaddilari voqeaga joyiga yetib bordi. Oldinroq portlash oqibatida shikastlangan uylar egalariga yetkazilgan zarar qoplab berilishini poytaxt hokimi v.b. Shavkat Umurzoqov ma’lum qilgandi.

Sergeli tumani hokimi Elbek Shukurovning “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, tumandagi portlash oqibatida zarar ko‘rgan har bitta bino inventarizatsiyadan o‘tkazib chiqilmoqda.

сергелидаги portlash

Toshkent shahar hokimi v.b. portlash oqibatida zarar ko‘rgan xonadonlar egalari bilan gaplashmoqda. Foto: “Gazeta.uz”

“Hozir xonadonma-xonadon yurib, qancha zarar yetkazilgani aniqlanmoqda. Yo‘l bo‘yida joylashgan birinchi qatordagi asosiy uylardagi aksariyat xonadonlarga yengil yoki og‘ir darajada shikast yetgan. Og‘ir darajada deganda, qaysidir uylarning oynasi singan bo‘lsa, qaysilarida romiga ham zarar yetgan”.

сергелидаги portlash

сергелидаги portlash

Tuman hokimi portlash bo‘lgan omborxona “Inter Logistics” qo‘shma korxonasiga tegishli ekanini, ushbu omborxonalar 2005-yildan beri faoliyat olib borishini qayd etdi.

“Dastlab so‘ralgan ma’lumotlarga ko‘ra omborxonalar ijaraga berilgan. Tergov jarayonida u omborxonalar kimga ijaraga berilgani, ichida nimalar saqlangani bo‘yicha batafsilroq ma’lumot beriladi. Umumiy ma’lumot, 18 gektarga to‘g‘ri keladigan maydonda omborlardan birida portlash bo‘lgan”.

Elbek Shukurov portlash oqibatida talafot ko‘rgan aholiga zarar davlat tomonidan qoplab berilishini ta’kidladi.

“Aholining zarari to‘liq davlat tomonidan qoplab beriladi. Hozirning o‘zida har bitta domga alohida shtab qilinib, shtab rahbarlari sifatida yordamga boshqa tuman hokimlari ham jalb qilingan. Ular o‘zlarining jamoasi bilan har bitta xonadonda qancha, necha kvadrat metr rom ketgani, oyna singani, lyustra va boshqa shunga o‘xshagan jihozlarga zarar yetganiga aniqlik kiritilmoqda. Barchasi hisob-kitob qilinib, hozirning o‘zida romlarni, oynalarni ta’mirlash ishlarini qilgani brigadalar ishga tushadi. Ba’zilarida ishga tushgan holatlar ham bor. Aholiga, ularning yashashiga noqulaylik yaratmagan holda tezroq usta tushirib, tezroq ularni amalga oshirib beramiz. Aholiga hech qanaqa og‘irligi tushmaydi, to‘liq davlat tomonidan qoplab beriladi”, — dedi tuman hokimi.

Hokim 1205 qisqa raqamli shtab tashkil etilganini eslatib o‘tdi.

“Shtabda muntazam mutaxassislar o‘tiribdi. Qolaversa, shu yerda joylashgan har bir uyda ham shtablar qilinib, pod’ezdlariga ham shtab raqamlari, ma’lumotlari qo‘yilgan. Toshkent shahri hokimi boshidan to‘liq shu yerdalar. Yakunlanguncha ham to‘liq shu yerda bo‘ladilar o‘zlari”, — deydi u. Markaziy shtab qoshida Toshkent shahrining barcha kommunal xizmatlari, tuman hokimlari boshchiligida shtablar, tibbiyot shtabi, ichki ishlar idorasi tomonidan tashkil qilingan shtab, FVV tomonida tashkil qilingan shtablar faoliyat yuritmoqda.

Tuman hokimi jabrlanganlar yaqin hududdagi shifoxonalarga olib borilayotganini ta’kidladi.

Shuningdek, Elbek Shukurov uyida turish imkoniyati bo‘lmagan aholi uchun 10 ta punkt tashkil qilinganini aytdi. U yerda ovqatlanish va tibbiy xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan palatkalar tashkil qilingan.

“Odamlar shu yerda ham o‘zlarining ma’lum bir ehtiyojini chiqarishi mumkin bo‘ladi. Shu bilan birgalikda, ularga uch mahal ovqat tashkil qilingan. Doimiy ravishda suv, choy bilan ta’minlab berib turilibdi. Ularning kundalik hayotdagi ehtiyojidan kelib chiqqan barcha narsalar inobatga olingan. Shu bilan birgalikda, shok holatdagilar kun davomida o‘zida qandaydir noxush holatlarni his qiladigan bo‘lsa, ular uchun har bir domning tagida medpunktlar ham tashkil qilingan”, — deydi tuman hokimi.

Shuningdek, hokim bloger va fuqarolardan ijtimoiy tarmoqlarda “haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan yolg‘on axborot tarqatmasliklarini, aholini sarosimaga keltirmasliklarini so‘radi.

“Yolg‘on ma’lumotlar negizida aholida turli sarosimalar yuzaga kelishi mumkinligini inobatga olgan holda, albatta. Sizlarga tezkorlik uchun rahmat. Ijtimoiy tarmoqlar ana shunday rasmiy kanallarga tayanishini xohlardik. Sababi ertalabdan turli haqiqatga yaqin bo‘lmagan ma’lumot tarqalganining guvohi bo‘ldim. Masalan, samolyot qulagani bo‘yicha”.

SSV dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, omborxonada ro‘y bergan portlash oqibatida 163 kishi jarohatlangan. Oldinroq portlash oqibatida 11-sinf o‘quvchisi vafot etgani haqida xabar bergan edik.