Shavkat Mirziyoyev 15-may kuni Coca Cola kompaniyasi raisi va bosh direktori Jeyms Kuinsini qabul qildi, deb xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati.

Uchrashuvda Coca Cola kompaniyasining O‘zbekistondagi eksklyuziv hamkori bo‘lgan Coca Cola İçyecyek`ni o‘z ichiga oluvchi Anadolu Group raisi Tunjay O‘zilxon ham ishtirok etdi.

Hozirda O‘zbekistonda 3 ta Coca Cola zavodi Toshkent, Urganch va Namangan viloyatida faoliyat yuritadi. Chorshanba kuni Samarqand viloyatida yangi zavod ishga tushirildi. 2025-yilda Namangan viloyatida beshinchi zavod foydalanishga topshiriladi.

coca cola uzbekistan, shavkat mirziyoyev

Uchrashuvda oziq-ovqat sohasidagi, shu jumladan, “yashil” yechimlarni, energiya va suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha hamkorlikning ijobiy sur’ati qayd etildi, deyiladi xabarda. Innovatsion faoliyat va tadqiqotlarni rivojlantirish, muhandislar va soha mutaxassislarini tayyorlash haqida fikr almashildi.

Investitsiya dasturini kengaytirish, mahsulot turlarini ko‘paytirish, materiallar va butlovchi qismlarni ishlab chiqarish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

Shavkat Mirziyoyev istiqbolli loyihalarni tezlashtirilgan holda amalga oshirish bo‘yicha alohida “yo‘l xaritasi"ni qabul qilishni topshirdi, deyiladi xabarda.

Coca Cola alkogolsiz ichimliklar ishlab chiqarish bo‘yicha dunyodagi eng yirik kompaniyalardan biri bo‘lib, faoliyati 200 dan ortiq mamlakat bozorini qamrab oladi, 200 dan ziyod brend va 950 dan ortiq ishlab chiqarish korxonasiga ega.

Coca-Cola Bottlers Uzbekistan qo‘shma korxonasi 1994-yil mart oyida ochilgan. Kompaniya 2021-yil sentabrida xususiylashtirilgandi. 57,118 foiz davlat ulushini Turkiyaning Coca-Cola İçyecyek kompaniyasi o‘zining shu’ba korxonasi CCI International Holland B. V. orqali sotib olgan. Bitim summasi 252,28 million dollarni tashkil etgan. Korxonaning qolgan ulushi (42,88 foiz) The Coca-Cola Export Corporation kompaniyasiga tegishli.