Moldova prezidenti Mayya Sandu rossiyalik jurnalist Yuriy Dudning “vDud” loyihasi uchun intervyu berdi. Bu loyiha tarixida davlat rahbari bilan uyushtirilgan ilk intervyu bo‘ldi. Suhbat davomida Moldova yetakchisi uning mamlakati qanday qilib korrupsiyani yengishga va Yevropa Ittifoqiga kirishga urinayotgani, nima uchun Moldovada o‘nlab ommaviy axborot vositalari bloklangani, Ukrainadagi urush va mamlakatning Rossiya bilan munosabatlari haqidagi savollarga javob berdi. Prezident Sandu, shuningdek, davlat rahbari sifatidagi hayoti qanday o‘tayotgani haqida ham gapirib berdi.

Quyida suhbatdan ba’zi iqtiboslar havola qilinadi.

Ukraina prezidentining urush boshidagi harakatlari haqida

— 24-fevral kuni Ukraina prezidenti Zelenskiy o‘rnida bo‘lganingizda, nima qilgan bo‘lardingiz?

— Yagona to‘g‘ri qaror — mamlakatingda qolish. Sen o‘z mamlakating, o‘z xalqing uchun javobgarsan. Bundan boshqa to‘g‘ri javob yo‘q. Bu masalada hech qanday savol bo‘lishi mumkin emas. Sen mamlakat rahbarisan, barcha senga qarab turadi. Sen xalqing uchun qo‘lingdan kelgan barcha ishni qilishing uchun ham shu yerda bo‘lishing lozim.

Prezidentlik hayotining noqulay tomonlari haqida

— Prezidentlik hayotida nima sizga eng ko‘p noqulaylik tug‘diradi?

— 24 soat davomida e’tibor markazida bo‘lish. Men bunga o‘rganib qoldim, lekin bu narsa menga yoqadi, deb aytolmayman. Xorijiy safarlar davomida ba’zan ko‘chada bir necha soat sayr qilishga imkon bo‘ladi, chunki u yerda meni tanishmaydi. Albatta, chetda bunday [sayrlar] qilish o‘z mamlakatingdagidan ko‘ra osonroq va bu normal.

Saylov oldidan berilgan va’dalar haqida

— 2020-yildagi saylovlar oldidan siz avvalgi prezidentlar yashagan qarorgohni ijtimoiy ehtiyojlar uchun berishingizni aytgandingiz.

— Undan so‘ng bu yerda ko‘p odamlar yashadi, masalan, ukrainalik qochqinlar. Keyinchalik biz bu yerni madaniyat markaziga aylantirish haqida ham o‘yladik, lekin buning uchun katta investitsiya kerak bo‘ldi va shu sababli bu g‘oyani keyinroqqa qoldirishga qaror qildik. Chunki hozir bundan-da muhimroq masalalar bor.

Bu yerga ba’zida mamlakatning turli hududlaridan o‘quvchilar va talabalarni taklif etamiz, hayking (piyoda sayr) bilan shug‘ullanamiz, ularga o‘rmonni ko‘rsatamiz. Men o‘rmonlar hajmini ko‘paytirish bo‘yicha milliy dasturni faol targ‘ib qilyapman hamda o‘quvchi va talabalarga ko‘proq daraxt ekish lozimligini aytib kelaman. Chunki bizda o‘rmonlar hududi ancha kichik.

Bu yerda ular bilan boshqa masalalar, masalan, yevrointegratsiya haqida ham gaplashamiz. Chunki yoshlar bizning Yevropa Ittifoqiga kirishimizdan eng ko‘p manfaat topadigan qatlam hisoblanadi.

— Saylov oldidan markazda joylashgan prezidentura (prezident qarorgohi) atrofidagi to‘siqlarni ham olib tashlaymiz, degandingiz. 4 yil o‘tdi, lekin to‘siqlar hamon joyida turibdi.

— Biz darvozalarni ochib qo‘ydik. Hozir borsangiz, odamlar u yerga bemalol kirib-chiqishi mumkinligiga guvohi bo‘lasiz. Buning ham hisob-kitobini ko‘rib chiqqanimizda, to‘siqlarni olib tashlashdan ko‘ra eshiklarni ochib qo‘yish yaxshiroq, degan to‘xtamga keldik. U yerda to‘siqlar borligi yoki yo‘qligidan qat’iy nazar, biz ochiqmiz va saylovlar oldidan ham aynan shu haqda gap ketgandi. Biz ba’zida u yerda turli tadbirlarni o‘tkazib turamiz. Odamlar binoni aylanib ko‘rgisi yoki, masalan, Yangi yil archasini ko‘rishga kelishi mumkin. Bu yerga o‘quvchilar ham kelib turadi, chunki biz ishlaydigan bu binoda Moldova Mustaqillik deklaratsiyasi uchun ovoz berilgan.

Biz va’damizni bajardik. Hozir istalgan odam prezidentura binosining hovlisiga kirib chiqa oladi.

Prezident ko‘p kvartirali uyda, ikki xonali xonadonda yashashi haqida

— Siz ko‘p kvartirali uyda yashaysiz. Ya’ni, uyingizning ustida ham, ostida ham qo‘shnilaringiz bor va, nazariy jihatdan, ular uyingizga suv toshirib yuborishi ham mumkin, shundaymi?

— Ha, bir marta toshirib ham yuborishdi, aynan prezident bo‘lganimdan keyin. Lekin hechqisi yo‘q.

— Qo‘shnilaringizga doimiy qo‘riqlanadigan inson bilan yashash noqulaylik tug‘dirmaydimi?

— Unday deb o‘ylamayman. [Prezident bo‘lganimdan keyin] nimadir o‘zgargan, deya olmayman. Ha, birinchi qavatda yo‘lakni qo‘riqlaydigan qo‘riqchi bor. Lekin men buni, aksincha, hamma uchun yaxshi deb o‘ylayman, chunki bunda hamma o‘zini xavfdan xoli his qiladi. Barchaning nomidan gapira olmayman, lekin, umid qilamanki, prezident bo‘lganim qo‘shnilarimga noqulaylik tug‘dirmagan. Qo‘shnilarim juda yaxshi, munosabatlarimiz juda iliq.

вдuдь, intervyu, майя сандu, молдоva, юрий дuдь

Senzura haqida

— O‘tgan 2 yil ichida Moldovada o‘nlab media va telekanallar bloklandi. Tushunishim bo‘yicha ularning ko‘pchiligi yoki hammasi sud qarorisiz bloklangan. Agar bu senzura bo‘lmasa, unda nima?

— Bu senzura emas. Ular ommaviy axborot vositalari emas. Ular ommaviy dezinformatsiya vositalari. Qonunga hamma rioya qilishi lozim, rioya qilmaydiganlarga chora ko‘rilishi kerak. Agar siz bu OAVlar hukumatni tanqid qilgani uchun yopilgan deb o‘ylayotgan bo‘lsangiz, sizni boshqa medialar meni qanday tanqid qilayotganini tomosha qilishga chaqiraman. Gap umuman [tanqidda] emas.

Mamlakatda dezinformatsiya yoyish va uning barqarorligiga salbiy ta’sir qilishga urunishlar faqat media bilan sodir bo‘layotgani yo‘q. Ikki kun avval mamlakatimizda shunday narsalarni moliyalashtirish uchun 1 mln dollar olib kirishga urinish bo‘ldi (aprel oxirida Moldova politsiyasi Kishinyov aeroportida 150 nafar Moldova fuqarosidan 1 mln dollar atrofidagi pulni olib qo‘ydi, politsiya bu pulni “siyosiy partiyalarni noqonuniy moliyalashtirish sxemasining bir qismi”, deb qayd etgan). Bu — noqonuniy. Bularning barchasi mamlakat barqarorligiga zarar yetkazish uchun uyushtirilmoqda. Bu demokratiya emas, korrupsiya. Biz nima qilish mumkinligi va nima noqonuniy ekanini aniq belgilab olishimiz lozim.

— Moldovada mustaqil OAVlar bor. Lekin mamlakat reklama bozori kichikligi uchun aksariyat OAVning moliyaviy manbasi G‘arb grantlari. Mustaqil media vakillari [kremlparast oligarx Ilan Shor]ga aloqador OAV bilan bo‘layotgan ishlarni ko‘rganida, ularda o‘z-o‘zini senzuralash shakllanadi. Chunki mamlakatda OAVni sudsiz yopib yuborish mumkin, degan fikr uyg‘onadi.

Shuningdek, ularda Mayya Sandu G‘arb tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan prezident, olayotgan grantlarimiz ham G‘arbniki, shu bois prezidentni qattiqroq tanqid qilib yuborsak, keyin yana grant ololamizmi-yo‘qmi — mana shunday masala ham paydo bo‘lgan.

— Men sizga yana bir bor mening ismimni internetda qidiruvga berib, qancha pozitiv va negativ material chiqishini ko‘rib chiqishni tavsiya qilaman. Shunda bizda mamlakat rahbari haqida qanday yozish mumkinligini ko‘rasiz. Senzura yo‘q. Faqat mamlakat barqarorligiga putur yetkazishga urinuvchilar va qonunlarga amal qilmaydiganlar bilan muammo bor.

Sizga bir savol — Kreml propaganda uchun qancha pul sarflaydi?

— Milliardlab.

— Bu bilan qanday kurashish mumkin? Bizga o‘xshash kichik bir mamlakat milliardlab pul sarflangan propaganda bilan qanday kurashishi mumkin?

— Menda javob yo‘q. Shunday qarorlar qabul qilishga to‘g‘ri kelib qolishi sababli ham hech qachon siyosatga qiziqmaganman. Chunki sen ikki yomon qarordan birini qabul qilishing kerak. Hech narsa qilmasang, [propaganda OAVlar] haqiqatga zid, zararli, safsata gaplarni aytib, davlatga zarar yetkazadi. Lekin ularni shunchaki o‘chirib qo‘yish — bu senzura va demokratik qadriyatlar bo‘g‘ziga oyoq qo‘yishdir.

— Agar siz bugun televizorni yoqsangiz, rus tilida ishlaydigan ko‘plab kanallarini ko‘rasiz. Har kuni urush yaxshi ekani, Rossiyaning Ukrainada qilayotgan ishlari yaxshi ekanini ta’kidlovchi urush propagandasi bilan kurashni senzura deb hisoblamayman. Men [bunday propagandani] bizning demokratiyamiz uchun ham, tinch kelajagimiz uchun ham xavfli, deb hisoblayman.

— Buni demokratiyaga zid deb o‘ylamaysizmi?

— Demokratiyani himoya qilish lozim. Juda yaxshi yechimlar yo‘q ekani borasidagi fikrlaringizga qo‘shilaman. Biz shunday yechimlarni hamon qidiryapmiz. Lekin biz propagandaga shunchaki ko‘z yumib, “bu — so‘z erkinligi”, deya olmaymiz. Chunki siz o‘zingiz ham aytib turibsiz — Rossiya bunga milliardlab pul sarflayapti.

— Demokratiyani nodemokratik usullar bilan himoya qilish mumkinmi?

— Biz bu yerda demokratiya quryapmiz. OAV erkinligiga qaytadigan bo‘lsak, “Chegara bilmas muxbirlar” nima deb yozganiga qarang (“Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotining matbuot erkinligi reytingida Moldova 2024-yil 180 davlat orasida 31 o‘rinni egallagan va mamlakatda OAV erkinligi bilan bog‘liq vaziyat qoniqarli darajada ekani aytilgan. O‘sha hisobotda mamlakat media landshafti qutblangan ekani va korrupsiya ayblovlari bo‘yicha jinoiy ta’qibdan qochish uchun Moldovadan qochib ketgan kremlparast oligarx Ilan Shorning ta’siri bilan ajralib turishi aytiladi). Chunki siz ularga mendan ko‘ra ko‘proq ishonsangiz kerak.

Biz so‘z erkinligi, OAV erkinligi uchun kurashamiz, lekin biz demokratiyamizni ham saqlab qolishimiz kerak. Biz bu masalada tajribasi ko‘proq mamlakatlardan o‘rnak olishga harakat qilyapmiz.

Moldova prezidentining maoshi qancha?

— Sizning rasmiy maoshingiz 850 yevro (11 mln 589 ming so‘m — tahr). Deklaratsiya bo‘yicha, sizning jamg‘armangiz ham deyarli tugagan. Siz oylikka yashaysizmi?

— Albatta. Men 1000 yevro oylikdan kamroqqa ishlovchi yagona inson emasman. Barcha moldovaliklar kabi maoshga kun kechiraman. Albatta, biz barcha maoshlar oshishini istaymiz. Iqtisodiyotimiz kuchliroq bo‘lishini xohlaymiz va buning uchun ishlayapmiz, ishlashimiz lozim.

Mayya Sandu suhbat davomida Jahon bankida ishlagan vaqtida maoshi oyiga 10 ming dollar atrofida bo‘lgani, partiya tuzish va saylovoldi tashviqot jarayonida bankda ishlab, jamg‘argan pullaridan foydalangani, partiyada faqat bir kishi maoshga, qolganlar esa ko‘ngilli ishlaganini qayd etib o‘tdi.

вдuдь, intervyu, майя сандu, молдоva, юрий дuдь

Moldovadagi gaz inqirozi haqida

— 2022-yilda Moldovada gaz inqirozi yuz berdi. O‘shanda mamlakatda gaz narxi 7 baravar oshib ketdi. Nega bunday bo‘ldi?

— Chunki, birinchidan, narxlar butun Yevropada ko‘tarildi. Boshqa tomondan, “Gazprom” bilan shartnomamiz yakunlangan, bizda esa muqobil manbalar yo‘q bo‘lgan bir vaziyatda ular shartnomani uzaytirishni istamasliklarini bildirishdi. Ular 700 million dollarlik qarzni Moldova hukumati o‘z zimmasiga olishini istashdi. Ular bu “Moldovagaz”ning qarzi ekanini aytishdi. Bu kompaniya taqsimlovchi korxona hisoblanadi va uning majoritar (asosiy) aksiyadori “Gazprom”ning o‘zi.

Bu hukumatning emas, ularning o‘zi majoritar aksiyador bo‘lgan kompaniyaning qarzi ekaniga qaramay, bizga “katta qarzingiz bor”, deyishdi. Biz esa buni tekshirishimiz lozimligini aytdik, chunki biz bu qarzlar qayerdan paydo bo‘lib qolganini bilmaymiz. Biz bu pulni qaytarishga rozi bo‘lmadik, chunki o‘zimiz tekshirib ko‘rmagan qarz bo‘yicha bitimga qo‘l qo‘yish bizning fuqarolarimiz nafaqat narxi oshib ketgan va ishlatilayotgan gaz uchun, balki bu qarz uchun ham to‘lashi lozimligini anglatardi.

Shuning uchun biz xalqaro auditorlarni yolladik va auditorlar qarz 700 emas, 8 (sakkiz) million dollar ekanini ko‘rsatib berishdi. Bu hikoyadan qanday xulosa qilish mumkin? Biz muqobil manbalarimiz bo‘lishi, bizni boshqa “shantaj” qilmasliklari uchun barcha ishni qilyapmiz. Chunki tijoriy sharoitlar bo‘lishi bir narsa, hech qachon bo‘lmagan qarzingizni bor deyishlari — umuman boshqa narsa.

— Buni nima deb tushunish mumkin? Sizlarni “shantaj” qilib, sadoqatsizlik uchun jazolashdimi?

— Buni qanday istasangiz, shunday atashingiz mumkin. Men sizga bo‘lib o‘tgan aniq bir voqeani aytib berdim.

— Hozir Moldova gazni qayerdan sotib olyapti?

— Ochiq bozordan, Yevropadan, har xil joydan.

— Sizga muxolifatda bo‘lgan Igor Dodon Moldova xuddi o‘sha Rossiya gazini o‘rtakashlar orqali sotib olayotganini ta’kidlab kelyapti.

— Biz gazni bozordan sotib olyapmiz. Gazni hozir bozorda o‘zimiz topgan eng past narxda xarid qilyapmiz va eng muhimi — bizda tanlov bor. 30 yil ichida qilinmagan va biz qilgan narsa shuki, bizda tanlov paydo bo‘ldi. Agar narx bir bozorda yaxshiroq bo‘lsa, o‘sha yerdan gaz sotib olamiz, agar boshqasida yaxshiroq bo‘lsa — unisidan.

Hozir elektr energiyasi uchun ham muqobil manba tashkil qilyapmiz. Bir yildan keyin bizda Yevropa elektr energiya bozori bilan aloqa o‘rnatiladi. Bunday aloqa hozir ham bor, faqat u Ukraina orqali o‘tgan va har safar Ukraina tarmoqlari bombardimon qilinganida, bizda ham muammo paydo bo‘lyapti. Elektr bo‘yicha muqobilimiz bo‘lishi uchun hozir Ruminiya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tarmoq quryapmiz.

Juda qiyinligiga qaramay — chunki bu davrda narxlar juda yuqori bo‘ldi — energetik xavfsizlik bo‘yicha so‘nggi uch yilda juda ko‘p ishlar qilindi.