Rossiya qo‘shinlari Ukrainada qo‘llagan Eron kamikadze-dronlarida Yevropa komponentlari bo‘lgani aniqlandi, deya xabar berdi The Guardian Kiyevning avgust oyida G7 mamlakatlariga jo‘natgan maxfiy hujjatiga tayanib.

Hujjatda so‘nggi uch oy ichida Ukraina shaharlariga Yevropa komponentlari bo‘lgan dronlar tomonidan 600 martadan ortiq hujum qilingani aytiladi. Shahed 131 uchuvchisiz apparatida G‘arbda ishlab chiqarilgan 52 ta komponent topilgan. Shahed 136 dronida esa bunday qismlar soni 57 tani tashkil etgan.

Ukraina rasmiylariga ko‘ra, dronlarda topilgan komponentlar Yevropaning 5 ta kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan.

Shu bilan birga, hujjat dronlarga komponentlari o‘rnatilgan G‘arb kompaniyalari sanksiyalarni buzganini da’vo qilmaydi, deb yozadi The Guardian.

“Eronning uchuvchisiz uchish apparatlari ishlab chiqarish jarayoni asosan mavjud tijoriy komponentlardan foydalanishga moslashtirilgan, ularning yetkazib berilishi yomon nazorat qilinadi yoki umuman nazorat qilinmaydi”, — deyiladi Ukraina hisobotida.

Ukraina ma’lumotlariga ko‘ra, bojxona hisobotlari Eronga bu vositalarning deyarli barchasi Turkiya, Hindiston, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Vetnam va Kosta-Rikadan import qilinganini ko‘rsatgan.

Ukraina hukumati G‘arbdagi ittifoqchilariga bu muammoni “Eron va Suriyadagi dronlar ishlab chiqaradigan zavodlarga, shuningdek, Rossiyadagi potensial ishlab chiqarish hududiga raketa zarbalari” yordamida hal qilishni taklif qilgan. Hujjatda ta’kidlanishicha, Ukraina harbiylari bunday zarbalarni agar ittifoqchilar Ukrainani “zarur vositalar” bilan ta’minlasa, berishi mumkin.