O‘zbekistonda 1−5-oktabr kunlari bo‘lib o‘tadigan Yevropa kinofestivali arafasida Yevropa Ittifoqi Focus Kino va teatr maktabi bilan hamkorlikda EU-Focus Film Camp ta’lim loyihasini ishga tushirdi, deya xabar berdi YeIning Toshkentdagi delegatsiyasi “Gazeta.uz”ga.

Loyiha badiiy va hujjatli filmlar yaratish, animatsiya, rejissyorlik, fotografiya, rasm, musiqa, kino tarixi, drama, teatr, prodyuserlik, kinematografiya, kino ijodi, adabiyot, jamoaviy ishlash, ovoz muhandisligi, jurnalistika, montaj va boshqa mavzular bo‘yicha darslarni birlashtiradi.

O‘smirlar uchun ushbu bepul ta’lim moduli Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladi. Loyihadan ko‘zlangan maqsad o‘zbekistonlik yosh avlodning kino va teatr sohasidagi bilimlari sifatini oshirishdan iborat.

Bepul o‘quv kursi shu yilning yozida har kunlik rejimda boshlangan va — kuzda, dam olish kunlari yana davom etadi. Dasturda ustaxonalar, o‘quv xonalari va plenerlardagi nazariy mashg‘ulotlardan tashqari, filmlar namoyishi, mahalliy va xorijiy mutaxassislar bilan uchrashuvlar, shuningdek, joylarda laborator tasvirga olish amaliyoti ham o‘rin olgan.

Guruh tarkibidan 2021−2023-yillarda yakshanba kino maktabi dasturini hamda Focus kino va teatr maktabining yozgi kinolagerini muvaffaqiyatli tamomlagan 10 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rin oldi.

Dasturni muvaffaqiyatli tamomlagan bolalar loyiha tugaganidan keyin ham Focus kino va teatr maktabida o‘qishlarini bepul davom ettirishlari mumkin bo‘ladi.

Ta’lim loyihasida ishtirok etish uchun uning rasmiy sayti orqali ariza topshirish mumkin.

So‘nggi yillarda Yevropa kinofestivali O‘zbekistonning yetti viloyatini qamrab oldi, 20 ming tomoshabin Yevropaning 20 davlatidan 90 ta filmni tomosha qildi. Shuningdek, u professional tomoshabinlarni ham, kinematografiya olamiga sayohatini endi boshlayotganlarni ham ta’lim dasturlari, mahorat darslari va yevropalik mutaxassislar bilan uchrashuvlar formatida Yevropa Ittifoqi mamlakatlari kinematografiya san’ati bilan tanishtirishda davom etmoqda.

Xususan, 2019-yilda latviyalik rejissyor va hujjatli ssenarist-dokumentalist Daynis Klyava Toshkent va Nukus shaharlarida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti talabalari hamda Focus maktabi o‘quvchilari uchun hujjatli film bo‘yicha bir qator mahorat darslarini o‘tkazgan edi.

Ushbu an’anani 2020-yilda davom ettirgan holda, EU-Focus hujjatli filmlar laboratoriyasiga 450 dan ortiq arizalar kelib tushgan, ulardan 45 nafar ishtirokchi saralangan va 6 ta hujjatli film tasvirga olingan. Loyihaga mutaxassislar — Polsha va O‘zbekistonning taniqli hujjatli film rejissyorlari jalb etildi. Joriy yil kuz oxiriga EU-Focus Film Camp doirasida Yevropa kino sanoati vakili bilan yana bir uchrashuv rejalashtirilgan.