Energoresurslar narxini liberallashtirish ta’siri 2023-yil uchun inflyatsiya prognoziga hisobga olingan. Bu haqda 27-iyul kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida O‘zbekiston Markaziy banki raisi o‘rinbosari Behzod Hamroyev ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, elektr energiyasi va gaz narxining 20−25 foizgacha oshishi 2023-yil oxiriga qadar inflyatsiya 8,5−9,5 foiz koridorda shakllanishi bo‘yicha prognozda hisobga olingan.

“Elektr va gaz uchun tariflardan tashqari, ular bilan bog‘liq boshqa o‘nlab tartibga solinadigan narxlar mavjud — issiq suv, sovuq suv va boshqalar. Kuni kecha [hududlarda] sovuq suv narxi oshishi haqida ma’lumot paydo bo‘ldi. Agar barcha 14 ta hududda suv narxi 100 foizga oshsa ham, bu umumiy inflyatsiya darajasiga 0,3 foizgacha ta’sir qilishi mumkin”, — deya tushuntirdi u.

Behzod Hamroyevning ta’kidlashicha, prognozda bu iste’mol narxlarining umumiy darajasiga 0,3−0,5 foiz ta’siri qilishi nazarda tutilgan. Agar o‘sish belgilangan parametrlardan yuqori bo‘lsa, inflyatsiya prognozi qayta ko‘rib chiqiladi.

May oyida energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Azim Axmedxadjayev sentabrgacha energetikani rivojlantirish bo‘yicha yangi dastur taqdim etilishini, u gaz va elektr energiyasi narxlarini liberallashtirish hamda ijtimoiy iste’mol normalarini joriy etishni o‘z ichiga olganini ma’lum qilgandi.

Energiya bozorini liberallashtirishga urinish

O‘zbekistonda gaz va elektr energiyasiga tariflar oxirgi marta 2019-yil avgust oyida oshirilgandi. Energoresurslar narxlarini liberallashtirish va energetika sohasini isloh qilish bir necha bor keyinga qoldirildi.

Hukumat 2020-yilning fevral-mart oylarida elektr energiyasi va gaz tariflarini oshirishni rejalashtirgandi, biroq koronavirus pandemiyasi tufayli buni keyinga qoldirdi. 2020-yil oktabr oyida “Hududiy elektr tarmoqlari” raisi Ulug‘bek Mustafoyev prezident tomonidan 2021−2022-yillarda elektr energiyasi tariflarini oshirmaslik vazifasi qo‘yilgani haqida xabar bergandi.

2022-yilning may oyida O‘zbekistonda 7,3 million elektr energiyasi abonenti borligini, ularning 80 foizi oyiga o‘rtacha 200 kVt soatgacha elektr energiyasi iste’mol qilishi ma’lum qilingandi. Bu uy xo‘jaliklari hissasiga aholi tomonidan iste’mol qilinadigan umumiy elektr energiyaning atigi 31 foizi (5,7 milliard kVt soat) to‘g‘ri keladi.

4 million gaz abonentining 85 foizi oyiga o‘rtacha 500 kub metrgacha gaz iste’mol qiladi. Shu bilan birga, ularning ishlatayotgan gazi ulushi aholi umumiy iste’molining atigi 35 foizini (4,5 milliard kub metr) tashkil qiladi.

Ko‘p resursdan foydalanayotganlar davlat subsidiyalarining katta qismini olayotgani tufayli hukumat 2022-yil 15-iyuldan energoresurslar iste’moliga ijtimoiy normani va limitlarni joriy qilishni rejalashtirgandi, biroq keyinchalik bu qaror keyinga qoldirdi.

O‘tgan yil oxirida prezident aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlagan holda energiya resurslarining bozor narxlariga o‘tish zarurligini ta’kidlagandi.

Fevral oyida Markaziy bank rahbari o‘rinbosari Behzod Hamroyev may oyida elektr energiyasi va gaz narxlarining liberallashtirilishi kutilayotganini ma’lum qilgandi. Mart oyi oxirida Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov 2023-yilda energiya resurslari uchun tariflarni oshirish rejalashtirilmayotganini, biroq bu masala muhokama qilinayotganini aytdi.

Iqtisodchi Behzod Hoshimovning ta’kidlashicha, O‘zbekiston energetika sohasidagi amaldagi narx siyosati kambag‘allarning kambag‘allashishiga, boylarning boyib ketishiga olib kelmoqda. Energetika kompaniyalariga bozor shakllantirmagan narxlarni qo‘llab-quvvatlash uchun berilgan milliardlab dollarlik subsidiyalar ko‘proq boylarning foydasiga ishlaydi, deydi u.

Bundan tashqari, past tariflar tufayli energetika kompaniyalari ko‘p milliard dollarlik zarar ko‘radi.