2023−2024 o‘quv yili uchun OTMlarga qabul kvotasi tasdiqlandi

Davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat va magistratura bo‘yicha davlat buyurtmasi va to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish kvotalari tasdiqlandi. Shuningdek, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi 2023/2024-o‘quv yilida davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishni ko‘chirish uchun o‘tish ballari tasdiqlandi.

So‘nggi 6 yillik baholar OTMlarga 2023-yilgi qabulda inobatga olinmaydi — Bilimni baholash agentligi

2023−2024 o‘quv yilidan bitiruvchilarning so‘nggi 6 yillik baholari o‘rtacha ko‘rsatkichi OTMga kirish imtihonlarida inobatga olinishi kerak edi. Bilimni baholash agentligi ushbu tartib 2 yilga kechiktirilganini ma’lum qildi.

O‘zbekistonda abituriyentlarga imtihondan so‘ng universitet va o‘qish shaklini tanlashga ruxsat beriladi

2024/2025 o‘quv yilidan OTMga kirish imtihonlari “avval test, so‘ng tanlov” tamoyili asosida tashkil etiladi. Bunda abituriyentlarga to‘plagan balidan kelib chiqib, ta’lim muassasasi, ta’lim yo‘nalishi va shaklini tanlash imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, akademik litseylarga qabulda yozma imtihon bekor qilinadi.

“O‘zbekistonda san’atga hech qanday to‘siq yo‘q”. Madaniyat vaziri o‘rinbosari — Grigoriy Lepsning konserti haqida

O‘zbekistonlik faollar Ukrainaga qarshi urushni qo‘llab-quvvatlovchi Grigoriy Lepsning konsertini bekor qilishni talab qilmoqda. Madaniyat vaziri o‘rinbosari Bahodir Ahmedov mamlakatda san’atga hech qanday to‘siq yo‘qligini aytdi. “Kelyapti, san’atini namoyish qilyapti, ketyapti”, — dedi u san’atkorlar haqida.

“Kompromatuzb ishi” bo‘yicha gumonlanuvchilarga qo‘yilgan ayblovlar e’lon qilindi

“Kompromatuzb ishi” bo‘yicha jinoyat ishi sudga yuborildi. Oliy sud gumonlanuvchilarga nisbatan qanday ayblovlar qo‘yilganini ma’lum qildi.

Yil oxirigacha O‘zbekistonga 10 mln xorijiy sayyoh kelishi kutilmoqda — Ozodbek Nazarbekov

O‘zbekiston madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov yil oxirigacha mamlakatga 10 mln xorijiy sayyohning kelishi, 20 mln mahalliy aholi sayohatlari tashkil etilishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2 mlrd dollar miqdorida turizm xizmatlari eksporti amalga oshiriladi.

“Issiqlik elektr stansiyalari”ga yangi rahbar tayinlandi

Bahodir Jo‘rayev “Issiqlik elektr stansiyalari” kompaniyasining boshqaruvi raisi etib tayinlandi. Sardor Isaqulov esa uning birinchi o‘rinbosari bo‘ldi.

TMZ bankrotlik xavfi ostida qoldi. Kipr ofshor kompaniyalari davlatni yo‘qotishlar va kreditlar bilan qoldirib, loyihani tark etdi

Kiprlik ta’sischilar, jumladan, Alisher Usmonovga aloqador “Metalloinvest” kompaniyasiga tegishli korxona “harakatsizligi” tufayli Toshkent metallurgiya kombinati bankrot bo‘lish xavfi ostida qoldi. Sud ularni loyihadan chetlashtirildi, biroq korxona 916,9 mlrd so‘m zarar va 179,7 mln yevro kredit bilan qoldi.

Iyunda 6,1 mlrd so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalanilgani aniqlandi

O‘zbekistonda iyun oyida 265 ta holatda 6,1 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi. Taqqoslash uchun, may oyida 20,6 mlrd so‘mlik 135 ta holat aniqlangan.

Samarqandda biolaboratoriya hududidan erkak jasadi topildi

Ishtixon tumanidagi biolaboratoriya hududidan erkak jasadi topildi. Bosh prokuraturaning ma’lum qilishicha, marhum mast holatda boshqa bir erkak bilan janjallashgani oqibatida vafot etgan.

Zilziladan jabr ko‘rgan Hatay aholisiga O‘zbekiston fuqarolari mablag‘lari hisobidan modulli uylar topshirildi

Fevral oyidagi zilzilalardan katta talafot ko‘rgan Turkiyaning Hatay viloyatida aholiga 57 ta modulli uy topshirildi. Ular O‘zbekiston fuqarolari mablag‘lari hisobidan sotib olingan.

Raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi

“Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahriri bilan raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik choralari kuchaytirildi. Qonunga bir qator yangi, jumladan, monopoliyaga qarshi komplayens tushunchasi kiritildi.

Qoraqalpog‘istonlik yoshlarga davlat grantida o‘qish uchun qo‘shimcha 3000 ta o‘rin ajratiladi

Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan Qoraqalpog‘istonda doimiy yashaydigan hamda umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarini tamomlagan yoshlar uchun 2023/2024 o‘quv yilida davlat granti asosida qo‘shimcha 3000 ta o‘rin ajratiladi.

“Gazeta.uz”da e’lon qilingan maqola va fotoreportaj:

Toshkentdagi sobiq MXX binosini buzish boshlandi — foto

Toshkent markazida sobiq Milliy xavfsizlik xizmati (avvalgi DXQ) binosini buzish boshlandi. Bino 2021-yilda Metropol Group tomonidan sotib olingan. 2023-yilda uning o‘rnida 22 qavatli premium toifadagi Radisson mehmonxonasi qurilishi ma’lum bo‘lgan. Fotoreportaj.

“Odamlar paketlardan voz kechib, shoper, ekosumkalardan foydalanishini kutyapman” — ekobloger noodatiy kiyimda ko‘rinish berdi

Ekobloger “O‘rikguli” 3-iyul — Xalqaro plastik paketlarsiz kunda egniga 250 ta paketdan iborat kiyim kiyib, poytaxt ko‘chalarini aylandi, metropolitendan foydalandi. “Gazeta.uz” uning bundan ko‘zlagan maqsadi bilan qiziqdi. Uning aytishicha, g‘oya yarim yil oldin paydo bo‘lgan, ammo aynan 3-iyulni kutgan.