15-iyun kuni Nyu-York shahrida O‘zbekiston bilan Trinidad va Tobago mamlakati o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risida qo‘shma kommyunike imzolandi, deya xabar bermoqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati. Bu O‘zbekiston bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatgan 144 davlat bo‘ldi.

Hujjatni ikki mamlakat hukumatlari nomidan O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili Baxtiyor Ibragimov va Trinidad va Tobagoning BMTdagi doimiy vakili Dennis Frensis imzoladi.

“Trinidad va Tobago hamda O‘zbekiston diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risidagi qarorini dunyo va xalqaro hamjamiyatga rasman e’lon qilgan kun kelganidan xursandman. Biz buni Markaziy Osiyo mintaqasining muhim a’zosi bo‘lgan O‘zbekiston bilan uzoq va o‘zaro manfaatli munosabatlarning boshlanishi deb bilamiz”, — dedi Dennis Frensis kommyunikeni imzolaganidan keyin.

Trinidad va Tobago Janubiy Amerikaning shimoli-sharqiy sohilida joylashgan, Britaniya Hamdo‘stligi, shuningdek, Amerika Davlatlari Tashkilotiga a’zo hisoblanadi.

Tomonlar xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari doirasida qo‘shma hamkorlikni mustahkamlashdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar. Hamkorlikning o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarini izlash uchun ikki tomonlama aloqalarni davom ettirishga kelishib olindi.

“Hujjatning imzolanishi O‘zbekistonning Karib havzasi davlatlari bilan o‘zaro hamkorligini kengaytirish yo‘lidagi yangi qadam bo‘ldi”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Serra-Leone bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatgandi.