Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi xonadonlarning birida hojatxonaga 2 yoshli bola tushib ketdi, deya xabar bermoqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati.

Favqulodda vaziyatlar bo‘limiga 13-may kuni soat 16:58 da tumanning Harakat mahallasidagi uy egasining farzandi ehtiyotsizlik va nazoratdan chetda qolgani sababli hovlisidagi hojatxonaga tushib ketgani to‘g‘risida xabar kelgan.

Aytilgan manzilga qutqaruvchilar yetib borgan va maxsus qutqaruv asbob-anjomlari yordamida taxminan 5 metrli hojatxona chuqurligidan bolani sog‘ holatda olib chiqqan.

“Bolaning hayoti saqlab qolindi. Hurmatli ota-onalar, farzandlaringizni nazoratsiz qoldirmang”, — deyiladi xabarda.

Mamlakatdagi bunday hojatxonalarda odamlarning o‘lim topish holatlari ham bo‘lgan. Masalan, o‘tgan yili Sirdaryo viloyatining Sardoba tumanida hojatxonaga tushib ketgan telefonni olishga uringan bir oilaning uch nafar a’zosi halok bo‘lgan.

Namangandagi holatda esa hojatxona o‘rasiga tushib ketgan iPhone`ni olishga harakat qilgan uch kishi vafot etgan.

2023-yilning martida Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (hozirgi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti) tadqiqotchilari O‘zbekistonda hojatxonalarning sanitariya talablariga qay darajada javob berishini o‘rganar ekan, aholining 41 foizi kavlama ko‘rinishidagi hojatxonalardan foydalanishi, qishloqlarda bu ko‘rsatkich 50 foizdan yuqori ekanini ma’lum qilgandi.