Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Akmalxon Ortiqov “Daryo”ga bergan intervyusida davlatga tegishli bo‘lgan mulklar yopiq qarorlar asosida sotib yuborilayotgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi fikrlarga javob qaytardi.

“Bizda yopiq sotish yoki boshqacha gap bo‘lishi mumkin emas. Hammasining huquqiy asosi bor. Ayrim hollarda biz mana shu qonunlarga amal qilishga majburmiz. Qonun bor. Masalan, mas’uliyati cheklangan jamiyatlar to‘g‘risidagi qonunning 20-moddasiga asosan ulushning bir qismini savdoga chiqarayotganimizda ikkinchi ulushdorning baholangan qiymatda sotib olishga roziligi bormi yoki yo‘qmi degan so‘rovni amalga oshirishga qonun bizni majburlaydi. Shunday holatlarda biz uni ochiq savdoga chiqarishdan oldin ikkinchi yoki bir nechta bo‘lsa, bir nechta ta’sischilarga taklif qilishga majbur bo‘lamiz. Ba’zida shuni noto‘g‘ri talqin qilish holatlari bor”, — dedi u.

Akmalxon Ortiqov, shuningdek, agentlik mulkni ushlab turishdan manfaatdor emasligini qo‘shimcha qildi.

“[Mulk] uzoq muddat auksion savdosida sotilmay turadi, yillab davomida sotilmay turganidan keyin [narxni tushirishga] majburmiz, hozirda 50 foizgacha narxini tushirish mexanizmimiz bor. Yangi qarorimizda 10 foizgacha narxni tushirish mumkin bo‘lyapti. Chunki biz uni ushlab turishdan manfaatdor emasmiz. Tezroq tadbirkorlarga yetkazib berishdan manfaatdormiz”, — deya ta’kidladi Davaktiv direktori.

Anonslarsiz xususiylashtirishlar

“Gazeta.uz” avvalroq “O‘zbekneftgaz” yonilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘i, Chinoz neftni qayta ishlash zavodi, Perfectum mobil operatori va Uzpaynet to‘lov xizmatining anonslarsiz xususiylashtirilgani haqida xabar bergandi.

Jumladan, aprel oyi so‘ngida jamoatchilik Paynet to‘lov xizmatini boshqaruvchi Uzpaynet kompaniyasi ta’sischisi o‘zgarganidan xabar topdi. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi balansidagi 100 foiz davlat ulushi New Industrial Technologies`ga o‘tkazildi. Kompaniya egasi o‘zgarishi haqida noyabr oyida ma’lumotlar paydo bo‘lganiga qaramay, Davaktiv ulush sotilgani bo‘yicha rasman xabar bermagan.

Mart oyi boshida Daniyar Kamilovga (sobiq tashqi ishlar vaziri, hozirda prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari Abdulaziz Kamilovning o‘g‘li) tegishli Petroleum Technology Group kompaniyasi (ustav kapitali — 100 mln so‘m) O‘zbekistondagi eng yirik yonilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘i bo‘lgan UNG Petro`ning (ustav kapitali — 265 mlrd so‘m) egasiga aylangani xabar qilingandi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hozircha bitim tafsilotlarini ma’lum qilganicha yo‘q (UNG Petro qachon qancha summa va qanday shartlar asosida xususiylashtirilgani ma’lum emas). Avvalroq “Gazeta.uz” Davaktiv matbuot xizmati bilan bog‘lana olmayotgani haqida yozgandi. Ungpetro.uz sayti o‘z faoliyatini to‘xtatgan, ijtimoiy tarmoqlardagi oxirgi posti esa yanvar oyi boshida e’lon qilingan.

2022-yil oxirida UNG Petro 69 ta benzin quyish shoxobchasi, 6 ta gaz quyish shoxobchasi va 2 ta gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasiga (jami 77 ta yonilg‘i quyish shoxobchasi) egalik qilardi. Xususiylashtirish rejalari e’lon qilingan 2023-yilning may oyida UNG Petro`ning 78 ta shoxobchasi borligi qayd etilgan.

Avvalroq “Gazeta.uz” ochiq ma’lumotlar asosida xususiylashtirilgan tarmoqning taxminiy miqdorini hisoblab chiqqandi. Unga ko‘ra, Petroleum Technology Group tomonidan xususiylashtirilgan “O‘zbekneftgaz”ning 80 ta yonilg‘i quyish shoxobchasining narxi kamida 100 mln dollar bo‘lishi mumkin.

Buning ortidan Daniyar Kamilovning kompaniyasi Chinoz neftni qayta ishlash zavodining ham egasiga aylangandi. Jamoatchilik bu haqda Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat reyestridagi ma’lumotlar orqali xabar topgan. Korxona avval to‘liq “O‘zbekneftgaz” davlat kompaniyasiga tegishli edi. Spot`ning yozishicha, 2016-yil avgust oyida ishga tushirilgan Chinoz neftni qayta ishlash zavodi yiliga 117 ming tonnagacha neftni benzin, kerosin, dizel yonilg‘isi, mazut va moy qilib qayta ishlash quvvatiga ega. Agentlik zavodni 2022-yil noyabr oyida xususiylashtirishga qo‘ygandi.

Mart oyida, shuningdek, Perfectum mobil operatori ham xususiylashtirilgani ma’lum bo‘ldi. Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat reyestridagi ma’lumotlarga ko‘ra, uyali aloqa operatorining egasi o‘zgarib qolganiga tahlilchi Timurmalik Elmuradov e’tibor qaratgan.

2020-yilda Perfectum`dagi davlat ulushini xususiylashtirish rejalari ma’lum qilingan. O‘sha paytda kompaniyaning 65 foiz ulushi davlatga, qolgan qismi esa Amis Protrade International`ga tegishli edi. Uyali aloqa operatorining ulushi sotilishi haqidagi xabarlar ochiq manbalarda keltirilmagan. Spot bu bo‘yicha Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga so‘rov yuborganini qayd etgandi.