Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanida 6 yoshli bola KamAZ yuk mashinasi urib yuborishi oqibatida halok bo‘ldi, deya xabar bermoqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, holat 21-aprel kuni soat 10:40 atrofida O‘rda mahallasining Bobur ko‘chasida sodir bo‘lgan. 30 yillik haydovchilik tajribasiga ega fuqaro KamAZ yuk mashinasini yo‘l varaqasi bilan boshqarib ketayotib, yo‘lning o‘ng tomonidan chiqib kelgan 2018-yilda tug‘ilgan D.A.ni urib ketgan.

Hodisa oqibatida bola bosh miya yopiq shikasti, kalla suyaklari yopiq sinishi tashxisi bilan tuman shifoxonasida vafot etgan.

“Voqea sodir bo‘lgan kuni o‘g‘lim [bolaning otasi] ishxonasida edi. Men qabristonda marosimda edim. Ukam chaqirdi, qarasam, nabirangizni mashina turtib ketibdi, tez yetib boring dedi. Yugurib o‘sha yerga bordim”, — dedi marhumning bobosi.

йтҳ, наманган

“Notanish raqamdan qo‘ng‘iroq bo‘ldi, o‘g‘lingizni mashina turtib yubordi, amakingizni o‘g‘liga qo‘ng‘iroq qiling, u olib ketyapti, deyishdi. Telefon qilsam, u tez To‘raqo‘rg‘onga [tuman shifoxonasiga] chiqavering, bolangiz xushsiz dedi. Borganimizda ko‘zi ochiq edi, bola bechora jon berolmay turgan ekan, shifoxonaga kirgandan keyin [joni uzildi]. Kenja farzandim edi, bog‘chada ham juda dono edi. Hech kimning boshiga bu tashvish tushmasin”, — dedi bolaning otasi.

Holat yuzasidan viloyat IIB YHXB tomonidan voqea sodir bo‘lgan hudud aholisi ishtirokida muhokama o‘tkazildi. Unda avtohalokat hamda unga sabab bo‘lgan omillar to‘g‘risida ma’lumot berilib, “voyaga yetmagan bolalarni nazoratsiz qoldirish, ularga beparvo bo‘lish, ko‘chada yolg‘iz harakatlanishi mana shunday hodisalarga sabab bo‘lishi” tushuntirildi, deyiladi xabarda.

Haydovchilar ham bog‘cha va maktablar atrofida, piyodalar o‘tish yo‘laklariga yaqin qolganda va ichki yo‘llarda tezlikni pasaytirib, xushyorlikni oshirib harakatlanishlari lozimligi ta’kidlandi.

йтҳ, наманган

“Chorrahaga kelganimda bu tomondan mashinalar kelib qoldi, odam ko‘p edi. Ularni o‘tkazib yuborish maqsadida to‘xtab turgan holatimda, mashinalardan biri kelib to‘xtadi va men ham shu tarafga o‘taman degan ishorani ko‘rsatdi. Shunda yo‘lni bo‘shatishim kerak edi, mashina sig‘masdi. Mashinani harakatlantirdim, o‘ng tomonga qaradim hech narsa yo‘q edi, ko‘rmadim. Harakatlanishim bilan shu narsa sodir bo‘ldi. Bilib-bilmay qoldim, bolani ko‘rmadim. Men ulardan [bolaning oilasidan] yolvorib kechirim so‘rayman, kechirim so‘rashdan boshqa choram yo‘q”, — dedi haydovchi.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘limiga sabab bo‘lishi) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.