Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tumanida daraxtlarni kesgan va ularni shikastlagan ferma raisining ozodligi cheklandi, deya xabar bermoqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmati.

2022-yilning dekabr oyida tumandagi “Rasulbek” fermer xo‘jaligida olib borilgan o‘rganishda 83 tup har xil kattalikdagi terak, jiyda hamda turong‘il daraxtlari qo‘porilgani, shu bilan birga, 3 tup daraxt shikaslangani aniqlangandi.

Sud hukmiga ko‘ra, fermer xo‘jaligi rahbari B.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 198-moddasi (Ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish) 3-qismiga asosan 2 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Shuningdek, sudlanuvchi tomonidan 193,8 million so‘m miqdoridagi o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar qoplanishi belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 31-maydagi “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini transformatsiya qilish va vakolatli davlat organi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, ekologiya va atrof-muhitga zarar yetkazish, o‘simlik va hayvonot dunyosi obyektlarini nobud qilish yoki ularga shikast yetkazish bilan bog‘liq jinoyatlar og‘ir jinoyatlar toifasiga kiritildi.

Xususan, davlat o‘rmon fondiga kiritilmagan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga qo‘yiladigan moratoriy talablarini buzganlik uchun ma’muriy jarima miqdori 5 baravarga oshirilishi, noqonuniy kesilgan daraxt o‘rniga uning kompensatsiyaviy daraxt ko‘chatlarini aynan daraxt kesilgan joyga ekish majburiyati belgilandi.

Bundan tashqari, yuridik shaxslarga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan 300 baravarigacha bo‘lgan miqdorda moliyaviy jarimalar qo‘llanadi.