Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanidagi noturar joyda xandaq qazilishi oqibatida qo‘shni uy qulab tushgandi. Holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov “Gazeta.uz”ga.

Qayd etilishicha, 15-may kuni fuqaro H.M. tuman ichki ishlar bo‘limiga ariza bilan murojaat qilib, unda tumanning Samarqand mahallasi Samarqand ko‘chasi 28-uyi bilan bir devor qo‘shnisi T.B. hovlisida do‘kon qurish uchun chuqur (katlovan) qazilganini, o‘zi va mahalla raisi quruvchilarga qazishni to‘xtatishini, aks holda, yashash uyi qulab tushishini bir necha bor aytib kelganini bildirgan.

Biroq, shunga qaramasdan, katlovan kovlashni davom ettirishi oqibatida 14-may kuni soat 19:45 atrofida yashash honadoni qulab tushib, unga 300 ming dollar miqdorida moddiy zarar yetkazilganini bayon qilgan va qo‘shnisiga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining ma’lum qilishicha, 2024-yil 20-yanvarda vazirlikning tuman bo‘limi tomonidan Samarqand mahallasi Samarqand ko‘chasi 26-uyda yashovchi fuqaroga xonadonini rekonstruksiya qilish hamda o‘z hududidan qo‘shimcha bino va inshootlarni qurishga ruxsatnoma berilgan.

noturar joy, самарқанд, qulab тушди

Hujjatga asosan, viloyat Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi tomonidan 2-fevralda arxitektura rejalashtirish topshirig‘i ishlab chiqilgan. Mezana proyekt MCHJ tashkiloti tomonidan ishlab chiqilgan loyiha hujjati boshqarmaning loyiha-smeta hujjatlarini kelishish bo‘yicha arxitektura va shaharsozlik kengashi ishchi organining 4-martdagi xulosasi bilan kelishib berilgan.

Kompaniya ishlab chiqqan loyiha hujjati “Shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza qilish” respublika markazi Samarqand viloyati filiali tomonidan ko‘rib chiqilib, 26-martda ekspertiza xulosasi olingan. So‘ngra viloyat Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasidan obyektda qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

O‘rganish jarayonida fuqaro o‘zboshimchalik bilan kompaniya tomonidan ishlab chiqilgan loyiha hujjatlariga amal qilmasdan, poydevor quyish uchun yer qazish ishlarini olib borgani sababli qo‘shni xonadon poydevori ostidagi tuproqning cho‘kishi sabablm turar joyning bir qismi qulab tushgani aniqlandi, deyiladi vazirlik xabarida.

To‘plangan hujjatlar yuzasidan Pastdarg‘om tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan 15-may kuni Jinoyat kodeksining 173-moddasi 2-qismi “v” bandi (Mulkni ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ma’lumot uchun, sudda ushbu ayblov o‘z isbotini topsa, aybdor bazaviy hisoblash miqdorining 70 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda (23,8 mln so‘mdan 34 mln so‘mgacha) jarima yoki 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.