Rehina Mariya Kastijio Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari sifatida o‘z vazifasini bajarishga kirishdi. Bu haqda vakolatxona matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.

Ushbu lavozimga tayinlanishdan avval Kastijio YUNISEFning Xorvatiya va Paragvaydagi vakolatxonalari rahbari lavozimlarida ishlagan.

2016-yilda YUNISEFda mehnat faoliyatini boshlashdan oldin Boliviya, Ekvador va Perudagi YUNEYDS (BMTning OIV /OITS bo‘yicha qo‘shma dasturi) direktori, Shveysariyada YUNEYDS xususiy sektor bilan hamkorlik bo‘limi rahbari va BMT bosh kotibi Kofi Annan Ijroiya apparatida Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar bo‘yicha mas’ul xodimi bo‘lgan.

Rehina Mariya Kastijio AQShning Vashington shtatidagi G‘arbiy Vashington universitetida iqtisod va xalqaro munosabatlar bo‘yicha tahsil olgan, AQShning Indiana shtatidagi Notr-Dam universitetida davlat boshqaruvi va xalqaro munosabatlar bo‘yicha magistrlik darajasiga ega.

Ma’lumot uchun, YUNISEFdaning O‘zbekistondagi vakolatxonasining avvalgi rahbari Munir Mammadzoda edi. Mamlakatdagi missiyasini yakunlashidan oldin “Gazeta.uz” u bilan suhbatlashgan.