Samarqand shahrida 13−14-may kunlari bo‘lib o‘tgan Osiyo xotin-qizlari forumida IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Umida Abdullayeva “Gazeta.uz” muxbiriga intervyu berdi. U ayollarga nisbatan bo‘layotgan zo‘ravonlik holatlari va himoya orderiga oid savollarga javob qaytardi.

IIV rasmiysiga ko‘ra, oxirgi yillarda O‘zbekistonda xotin-qizlar ko‘proq ruhiy zo‘ravonlikka uchramoqda.

“Bizda ruhiy zo‘ravonlik holatlari eng ko‘p sodir bo‘lyapti. Undan keyin jismoniy va iqtisodiy zo‘ravonlik ko‘p uchramoqda. Afsus bilan aytib o‘tishim kerakki, 86−87 foiz zo‘ravonlik holatlari aynan oilalarda kuzatilyapti. Yopiq eshiklar ortida bo‘ladigan zo‘ravonliklar to‘g‘risida bizga jabrlangan shaxs yoki uning yaqinlari tomonidan murojaat kelib tushmasa, bizda buni aniqlash imkoni bo‘lmaydi. Bunday holatlarda fuqarolarning murojaat qilishi uchun Ichki ishlar vazirligida 1259 va 1286 qisqa raqamli ishonch telefonlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan”, — dedi u.

Uning qayd etishicha, 2024-yilning birinchi choragida 10 mingdan ziyod holatda ayollarga himoya orderi berilgan.

“Boshida, himoya orderini berishni boshlaganimizda, bu oilaviy rishtalarga salbiy ta’sirini ko‘rsatadi, degan qo‘rquv bo‘lgan. Ammo besh yillik tajriba shuni ko‘rsatyaptiki, ayollarning oiladagi xavfsizligini ta’minlashda himoya orderi yordam beryapti. Lekin oilalar buzilishi himoya orderiga bog‘liq masala emas. Agar oila buziladigan bo‘lsa, u himoya orderisiz ham buzilaveradi. Ammo himoya orderi yordamida ayollar xavfsizligi ta’minlab berilmoqda”, — dedi vazirlik vakili.

Umida Abdullayeva “himoya orderi jabrlanuvchilarni himoya qilishda o‘z ta’sir kuchini yo‘qotmoqda”, degan fikrlarga ham munosabat bildirdi.

“Ayollarning huquqiy bilimi va saviyasi oshib boryapti. Lekin qabul qilinayotgan qonunlar qachon ishlaydi? Qachonki bu qonunlarga amal qilinadigan bo‘lsa. [Qonunchilikka ko‘ra], himoya orderini olgan shaxslar ogohlantiriladi, ya’ni agar himoya orderida belgilangan cheklovlar buzilsa, profilaktika inspektoriga zudlik bilan xabar berishi kerak. Ma’muriy javgobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 206−1-moddasiga ko‘ra, himoya orderi borasidagi cheklovlarni buzgan shaxs javobgarlikka tortiladi. Agar biz cheklovlar buzilishi holatlaridan xabardor bo‘lsak, bevosita choralar ko‘ramiz. Siz aytgan holatda (27-mart kuni Bekobod tumanida o‘zini 5-qavatdan tashlab vafot etgan ayol voqeasi nazarda tutilmoqda. Ayolga uch marta, so‘nggi bor 6-mart kuni himoya orderi berilgan — tahr.) bizga xabar berilmagan, bundan xabar topganimizda edi, albatta, ta’sir choralarini ko‘rardik. Lekin bunday holatlar bitta, uchta bo‘lishi mumkin. Guruch kurmaksiz bo‘lmaydi, o‘zingiz bilasiz. Har qanday vaziyatda ham salbiy tomonlaribo‘lib qolishi mumkin”, — dedi Abdullayeva.

O‘zbekistonda 2024-yilning birinchi choragida 4477 kishi oiladagi zo‘ravonlik moddalari bo‘yicha ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Eslatib o‘tamiz, 10-may kuni prezident tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishni takomillashtirish bo‘yicha qarorni imzoladi. Bunda himoya orderisiz ham ijtimoiy, psixologik va yuridik xizmatlar ko‘rsatilishi, vaqtinchalik shelter va 24/7 ishlovchi birlamchi ko‘mak xonalari tashkil etilishi, zo‘ravonlik qilganlar reyestri yuritilishi va boshqalar belgilab qo‘yildi.