Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi Bobur ko‘chasining ayrim qismlarida yo‘l bir tomonlama yopildi. Bu haqda poytaxt IIBB xabar qildi.

Qayd etilishicha, Shota Rustaveli-Bobur ko‘chalari chorrahasidan Bobur ko‘chasi bo‘ylab Bobur-Seul, Bobur-Furqat ko‘chalari chorrahasigacha bo‘lgan oraliqda yo‘l qurilish va ta’mirlash ishlari olib boriladi.

Shu munosabat bilan, 15-may kuni soat 22:00 dan boshlab ta’mirlash ishlari tugatilgunga qadar transport vositalari qatnovi qisman bir tomonlama vaqtincha cheklandi. Boshqarma ta’mirlash ishlari qachon tugashiga aniqlik kiritmagan.

Haydovchilardan yondosh ko‘chalardan harakatlanish so‘ralgan.