O‘zbekiston va Singapur prezidentlari davlat boshqaruvi sohasida kadrlar tayyorlash masalasini muhokama qildi

O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi negizida tashkil etilgan qo‘shma ta’lim markazi doirasida Singapur tajribasi joriy etiladi. Muzokaralarda O‘zbekiston va Singapur prezidentlari tomonidan shu va boshqa mavzular muhokama qilindi.

O‘zbekiston va Singapur o‘rtasida 7 ta hamkorlik hujjati imzolandi

Shavkat Mirziyoyev va Halima Yoqub huzurida ikki tomonlama hujjatlarni qabul qilish marosimi bo‘lib o‘tdi va 7 ta hamkorlik hujjati imzolandi. Sammit yakunida prezidentlar Faxriy mehmonlar xiyobonida archa ekdi.

Changi Airports yangi Toshkent aeroportining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqishda yordam beradi

Singapurning Changi Airports International kompaniyasi yangi Toshkent aeroporti qurilishining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqishda yordamlashadi, shuningdek, mavjud aeroport faoliyatini optimallashtirish bo‘yicha maslahatlar beradi.

Masdar Qashqadaryoda quyosh elektr stansiyasini qurish bo‘yicha tenderda g‘olib chiqdi

Qashqadaryoda quvvati 300 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasini qurish va foydalanish bo‘yicha o‘tkazilgan tenderning dastlabki g‘olibi e’lon qilindi. FES BAAning Masdar kompaniyasi tomonidan barpo etiladi.

Toshkentda 19 yoshli o‘quvchi tanishini pichoqlab o‘ldirib qo‘ydi

Olmazor tumanida 19 yoshli maktab o‘quvchisi tanishini pichoqlab o‘ldirdi. Voqeaga ularning telefon talashishi sabab bo‘lgani aytilmoqda. Holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Olmaliqda Damas urib ketgan o‘quvchi qizlardan biri vafot etdi

15-may kuni svetoforning qizil chirog‘idan o‘tib ketgan Damas haydovchisi tomonidan urib ketilgan ikki o‘quvchi qizdan biri vafot etdi. Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, ikkinchi qiz davolanmoqda va yaqin orada uyiga ruxsat beriladi.

Qo‘qon pedagogika institutida qizlar yotoqxonasiga yashirin kamera o‘rnatganlar jarimaga tortildi

Qo‘qon davlat pedagogika institutida qizlar yotoqxonasiga kamera o‘rnatilgani sababli ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan deb topilgan prorektor (4,5 mln so‘m) va 3 xodimga (3 mln so‘mdan) jarima tayinlandi. Avvalroq ularning barchasi ishdan olingandi.

MSK xorijda 56 ta saylov uchastkasi tuzilishini ma’lum qildi

Markaziy saylov komissiyasi prezident saylovi uchun 56 ta saylov uchastkasi tuzish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Xususan, AQSh, BAA, Germaniya, Qirg‘iziston, Turkiyada — 2 tadan; Qozog‘iston va Xitoyda — 3 tadan; Rossiyada — 7 ta saylov uchastkalari tuziladi. Ular Toshkentdagi 14-okrugga biriktiriladi.

“So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirida o‘quvchilarga vals tushish taqiqlanmagan — vazirlik

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi 25-may kuni bo‘lib o‘tadigan “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarida maktablarda vals tushish taqiqlangani haqidagi ma’lumotni rad etdi. Vazirlik bu qarorni maktab ma’muriyatlarining o‘zlari qabul qilgan bo‘lishi mumkinligini istisno etmadi.

Ostonada Alisher Navoiy haykalini o‘rnatish bo‘yicha tender: Dastlabki noqonuniy tender g‘olibi yana yutib chiqdi

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Alisher Navoiy haykalini Ostona shahrida o‘rnatishga oid tenderni qaytadan o‘tkazdi. Unda ilk tenderda noqonuniy ravishda g‘olib bo‘lgan kompaniya yana yutib chiqdi. Antikorrupsiya agentligi birinchi tenderda manfaatlar to‘qnashuvi va boshqa qonunbuzarliklarni aniqlagandi.

Samarqanddagi buzilishi belgilangan 12 qavatli binoda qahvaxona ishlayotgani aniqlandi

Samarqand tumanida 10 yil davomida noqonuniy qurib kelingan 12 qavatli binoni 2022-yilda seysmik holati va boshqa talablarga javob bermagani uchun buzish bo‘yicha sud qarori berilgan. Shunga qaramay, u yerda qahvaxona ishlayotgani aniqlandi va MIBga qaror ijrosini ta’minlash bo‘yicha xat yo‘llandi.

O‘zbekistonning 9 ta viloyatidagi ayrim joylarida sel kelishi mumkin

24−26-may kunlari respublikaning tog‘li va Qirg‘iziston hamda Tojikiston bilan chegaradosh hududlarida sel-suv toshqini xavfi e’lon qilindi.

Namanganda meteorologik radiolokator o‘rnatildi

Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanida 200 km radiusdagi ob-havo hodisalari haqida ma’lumot beruvchi meteorologik radiolokator ishga tushirildi. O‘tgan yili xuddi shunday lokator Buxoro viloyatida ham o‘rnatilgandi. Bu qurilmalar O‘zbekistonda yerusti meteorologik radarlarining yagona tarmog‘ini yaratadi.

O‘zbekistonda gaz, elektr va ko‘mir qazib olish 2022-yilgi ko‘rsatkichlardan pastligicha qolmoqda

Yanvar-aprel oylarida O‘zbekistonda gaz qazib olish o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9,5 foizga, aprelda esa 8,1 foizga kamaydi. 4 oy davomida elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 4 foizga, ko‘mir 7,4 foizga tushdi. Yil boshidan beri neft qazib olish 4,3 foizga o‘sdi, biroq aprelda pasayish kuzatildi.

“Gazeta.uz”da e’lon qilingan maqola:

Toshkentda bosh reja muammosi, 100-farzand, “bunday seravtomobilchilik bizga kerak emas”. O‘zbek matbuoti 24-mayda nimalar haqida yozgan?

90 yil avval o‘zbek matbuoti nega “Amerikadagi seravtomobilchilik”ni isrofgarchilikka tenglashtirgan? Sharof Rashidovning 60 yil avvalgi maqolasida jadidchilik tarafdorlari nega qoralangan? 30 yil avval Toshkentda ekologik vaziyat qanday edi? Bu haqda “Gazeta.uz”ning “Eski gazetalar sharhi” ruknida o‘qing.