Konstitutsiya bo‘yicha o‘tkaziladigan referendum byulleteni tasdiqlandi

30-aprelda bo‘ladigan referendumda ovoz berish byulletenining shakli va tavsifi tasdiqladi. Unda yangi “Konstitutsiyani qabul qilasizmi?” degan savolga “ha” yoki “yo‘q” javoblari aks etgan. Byulletenlarni ko‘zi ojiz ovoz beruvchilar tomonidan to‘ldirish uchun Brayl alifbosi asosida trafaretlar ham tayyorlanadi.

O‘zbekistonda qizlar ko‘proq shifokor, yigitlar esa IT mutaxassisi bo‘lmoqchi — tadqiqot

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti o‘rganishlariga ko‘ra, 86 foiz ota-onalar farzandlarining kasb bo‘yicha tanlovini ma’qullamoqda. Qizlar ko‘proq shifokor va o‘qituvchi kasbini tanlagan bo‘lsa, yigitlar IT mutaxassisligi, shifokor va iqtisodchi kasblarini afzal ko‘rgan.

Toshkentda metro estakadalari ostida Berlindagi kabi umumiy ovqatlanish shoxobchalari va do‘konlar ochilishi mumkin

O‘zbekiston prezidentiga Toshkentning Yashnobod tumanida metro estakadalari ostidan savdo va umumiy ovqatlanish shoxobchalari qurilishi loyihasi taqdim etildi. Loyihani ishlab chiqishda Berlin tajribasi ko‘rib chiqildi.

Toshkent viloyatida 2,5 mingta oila uchun “Mening birinchi uyim” loyihasi boshlanadi

Toshkent viloyatining Zangiota tumanida 36 gektarlik maydonda “Mening birinchi uyim” dasturi amalga oshiriladi. Dastur doirasida 2,5 mingta oila uchun 58 ta ko‘p qavatli uy quriladi. Ushbu uylardagi 2 va 3 xonali xonadonlar uchun oylik to‘lov miqdori amaldagi subsidiyali ipoteka to‘lovlaridan arzon bo‘ladi.

9 ta viloyatda qurilishga mas’ul “zamhokimlar” va MBning hududiy rahbarlari hayfsan oldi

Prezident “Yangi O‘zbekiston” massivlari bo‘yicha uylarni topshirish ishlari cho‘zilib ketgani uchun 9 ta viloyatda hokimlarning qurilishga mas’ul o‘rinbosarlari va Markaziy bankning viloyat bo‘linmalari rahbarlariga hayfsan e’lon qildi.

Sud Sof.uz nashridan Anorbank foydasiga 3,7 mlrd so‘m undirish to‘g‘risida qaror chiqardi

Anorbank “ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi ma’lumotlar tarqatilgani uchun” Sof.uz nashri ustidan sudga da’vo kiritgan edi. 2022-yilning noyabridan beri ko‘rilayotgan iqtisodiy nizo yakuniga yetdi. Sud sof.uz nashriga Anorbank foydasiga 3,7 mlrd so‘m miqdorida zarar to‘lashga qaror chiqardi.

Qashqadaryoda erkak asrab olgan 13 yoshli qizini zo‘rlagani aytilmoqda

Chiroqchi tumanida 52 yoshli erkak mehribonlik uyidan asrab olgan 13 yoshli qizni zo‘rlab, homilador qilib qo‘ygani aytilmoqda. Oliy sud holat bo‘yicha jinoyat ishi 7-aprel kuni yopiq sud majlisida ko‘rilishini ma’lum qildi.

Qashqadaryodagi qishloqda yurgan ayiqni harakatsiz holga keltirib, tabiatga qaytarish rejalashtirilmoqda

Chiroqchi tumanidagi qishloqlardan biriga ayiq kelib qoldi, tarmoqlarda uning yurgani aks etgan videolar tarqaldi. Mahalliy aholi uni mashinada urib yubormoqchi ham bo‘ldi. Tabiat resurslari vazirligi va Toshkent hayvonot bog‘i xodimlari poytaxtdan voqea joyiga jo‘nab ketdi.

Yog‘och va oyna importi 2025-yilgacha bojxona bojidan ozod etiladi

O‘zbekistonda 2025-yilga qadar yog‘och, fanera, yog‘ochli opalubka va oynani import qilishda bojxona boji bekor qilinadi. Shuningdek, yuqori markali sement bo‘yicha bojxona boji imtiyozi yana 1 yilga uzaytiriladi.

Toshkent aeroportida mehmonxona ochiladi. Foto

Toshkent aeroportida sharqona ko‘rinishdagi mehmonxona ochiladi. Unga tashrif buyuruvchilar uchun ma’lumot tablosi, hammom va dush xonasi taqdim etiladi, qabulxona kechayu kunduz ishlaydi va har bir yo‘lovchiga samolyotga chiqish uchun individual taklifnoma taqdim etiladi.

O‘zbekistonda 1-maydan daromadi yetarli bo‘lmagan aholiga ham ipoteka kreditlari beriladi

1-maydan daromadi yetarli bo‘lmagan aholi ham ipoteka krediti olishi mumkin bo‘ladi. To‘lov qobiliyatini aniqlashda bank kartasidagi aylanma, ijara, kommunal va boshqa xarajatlarga to‘langan pullar hisobga olinadi. Aholiga hovlisini kengaytirish va uy sotib olish uchun 3,2 trln so‘m kredit ajratiladi.

Buyuk Britaniya O‘zbekistonda o‘tkaziladigan boks bo‘yicha jahon chempionatini boykot qildi

Buyuk Britaniya boks federatsiyasi may oyida Toshkentda bo‘lib o‘tadigan erkaklar o‘rtasidagi jahon chempionatiga boykot e’lon qildi. Bunday qarorga Rossiya va Belarus sportchilarining o‘z mamlakat bayroqlari ostida musobaqada qatnashishi sabab bo‘lgan.

“Dmitriy Rilov O‘zbekiston chegarasini kesib o‘tmagan” — Bosh prokuratura

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Sankt-Peterburgdagi kafeda “harbiy ofitser” Maksim Fomin (Vladlen Tatarskiy) halok bo‘lgan portlashga aloqadorlikda gumonlangan Darya Trepovaning turmush o‘rtog‘i Dmitriy Rilov O‘zbekiston chegarasini kesib o‘tmagani va shunga ko‘ra mamlakatda bo‘lishi mumkin emasligini ma’lum qildi.

Indoneziyada to‘rt nafar o‘zbekistonlik terror tashkilotga aloqadorlikda gumonlanib qo‘lga olindi

Indoneziyada 4 nafar o‘zbekistonlik “Tavhid va jihod katibasi” terror tashkilotining tashviqotini ijtimoiy tarmoqlarda tarqatganlikda gumonlanib, qo‘lga olindi. Gumonlanuvchilarning buyumlari dalil sifatida olingan.

O‘zbekiston Hyundai, Kia, Toyota kompaniyalari uchun tayyor charm yetkazib berishi mumkin

Janubiy Koreyadagi avtomobilsozlik korxonalariga charm yetkazib beruvchi JM kompaniyasi Toshkent viloyatida qo‘shma korxona ochishi mumkin. U yerdagi charm Koreya kompaniyalariga yetkaziladi. Shuningdek, kompaniya O‘zbekistondan tayyor va yarimtayyor charmni xarid qilishni boshlaydi.

Muddati o‘tgan, kontrafakt va yaroqsiz tovarlar haqida xabar berganlar rag‘batlantiriladi

Prezident qaroriga ko‘ra, saqlash muddati o‘tib ketgan, kontrafakt va iste’molga yaroqsiz tovarlar haqida xabar berganlar rag‘batlantiriladi. Shuningdek, o‘zganing tovar, xizmat ko‘rsatish belgisidan yoki firma nomidan qonunga xilof ravishda foydalanganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi.