O‘zbekistonda hafta yomg‘irli bo‘ladi

O‘zbekistonda hafta oxirigacha yomg‘ir, ba’zi joylarda esa qor yog‘ishi kutilmoqda. Ayrim hududlarda 15−20 m/s gacha kuchli shamol esishi mumkin. Harorat kechalari 0…+5 iliq, kunduz kunlari asosan +6…+11 daraja iliq atrofida bo‘ladi.

Tezlikni 60 km/soatgacha kamaytirish yiliga 600 dan ortiq odamning hayotini saqlab qolishi mumkin — PMTI

Mutaxassislar transportlarning tezligi pasayishi va yo‘llardagi o‘lim o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rgandi. Ularning fikricha, tezlikni 10 km/soatga kamaytirish yiliga 600 dan ortiq odamning hayotini saqlab qolishi mumkin. Shu bilan birga, yo‘l harakati qoidalariga rioya qilishni kuchaytirish ham muhimligi aytildi.

OTM rektorlariga xodimlarning farzandlari bilan maktub orqali yozishmalarni yo‘lga qo‘yishi tavsiya etildi

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri OTM rektorlarga o‘z xodimlarining farzandlari bilan maktub orqali yozishmalarni yo‘lga qo‘yishni tavsiya etdi. Vazir ishga joylashmagan bitiruvchilari ko‘p nodavlat OTMlarni sifatsiz ta’lim berayotgan muassasa deb topilishi va ular yopilishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

Iqtisodchi poytaxtning 2023 yilgi budjeti qo‘shimcha manbalari taqsimotini tanqid qildi

Iqtisodchi Otabek Bakirov 2023 yil uchun Toshkent budjetining qo‘shimcha daromadlari taqsimotini tanqid qildi. Xususan, moliyalashtirishdagi muammo, kurashga pul ajratish davom etayotgani, maktablar ta’mirlanishidagi katta farqni ta’kidlab, «budjetni osmonga sovurishda davom etamizmi?» degan savol bilan yuzlandi.

O‘zbekistonlik yengil atletikachilar Osiyo chempionatida 4 ta medalni qo‘lga kiritdi

Qozog‘istonning Ostona shahrida o‘tkazilgan yengil atletika bo‘yicha yopiq inshootlardagi Osiyo chempionatida o‘zbekistonlik yengil atletikachilar 4 ta medal — 2 ta oltin, 1 tadan kumush hamda bronzani qo‘lga kiritdi.

Poytaxtda talabalarning o‘qish davridagi faolligi tirbandlikning 11 kmgacha oshishiga sabab bo‘ladi — PMTI

PMTI ekspertlari OTMlar joylashuvining shaharlar holati va tirbandlik muammosiga ta’sirini o‘rgandi. So‘rovda ishtirok etgan talabalarning 78 foizi tirbandlikni asosiy muammolardan biri deb baholagan. Biroq ularning o‘qish davridagi faolligi tirband yo‘llar uzunligi 11,3 kmgacha oshishiga sabab bo‘ladi.

Banklarda dollarning sotuv kursi 11 395 so‘mgacha tushdi

Tijorat banklari 13 fevral kuni aholidan 1 AQSh dollarini 11 280 — 11 355 so‘mdan sotib olmoqda, sotish kursi esa aksariyat banklarda 11 395 so‘m.

Soliq qo‘mitasi QQS to‘lash bo‘yicha nazorat tadbirlari o‘tkazadi

Soliq qo‘mitasi 1 oktabrgacha intizomsiz soliq to‘lovchilar tomonidan QQSni noqonuniy qoplashni oldini olish bo‘yicha nazorat tadbirlari o‘tkazadi. Bu firibgarlik sxemalardan foydalanib, asossiz soliq nafi olish bilan bog‘liq bo‘lmagan insofli soliq to‘lovchilarning huquqlarini himoya qilish imkonini beradi.

Turkiyadagi zilzila vayronalaridan yana bir o‘zbekistonlikning jasadi topildi

Zilzila oqibatida Shonliurfa shahrida yana bir O‘zbekiston fuqarosi vafot etgani aniqlandi va uning jasadi Toshkentga yuborildi. Umumiy hisobda hozirgacha 4 nafar o‘zbekistonlik zilzila qurboni bo‘ldi.

O‘zbekistonning 9 ta viloyatida sel kelishi mumkin

O‘zgidromet 14−18 fevral kunlari 9 ta viloyatda hamda tog‘oldi va tog‘li hududlarda sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi ehtimoli haqida ogohlantirdi.

7 ta viloyatda qor ko‘chish xavfi e’lon qilindi

14−20 fevral kunlari respublikadagi 7 ta viloyatning ayrim hududlarida qor ko‘chish xavfi e’lon qilindi. Shuningdek, O‘zgidromet 16−18 fevral kunlari Qamchiq dovonida tuman tushishi, shamol kuchayishi, avtoyo‘lda yaxmalak va qor uyumlari yuzaga kelishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Andijon shahrida qurilayotgan 5 qavatli binoning plitalari qulab, devorlari buzildi

Ushbu holatda tegishli hujjatlarsiz obyektda qo‘shimcha 2 qavat qo‘shib, qurilish ishlari olib borilgani va jarayonda qoidalarga amal qilinmagani aniqlandi.

XX asr boshlarida Germaniyada tahsil olgan o‘zbek talabasi haqida «Matonatli Maryam» filmi suratga olinadi

«Yoshlik» kinostudiyasi va Xorazmcinema hamkorligida XX asrning 20 yillarida Germaniyada o‘qigan o‘zbek talabasi Maryam Sultonmurodovaga bag‘ishlangan «Matonatli Maryam» filmi suratga olinmoqda. Ayni paytda esa mazkur tarixiy-badiiy filmni suratga olish bo‘yicha lokatsiyalar o‘rganilyapti.

Toshkent viloyatida «samosud» qilish bilan shug‘ullangan guruh a’zolari ushlandi

Qibray tumanida 2 kishini guruh bo‘lib kaltaklaganlar ushlandi. Holat yuzasidan bezorilik moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Jizzaxda oqqush ovlagan va bo‘ri so‘ygan fuqarolar aniqlandi

Jizzaxda Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi hududidan O‘zbekiston «Qizil kitob»iga kiritilgan 1 bosh oqqush va qashqaldoqlarni ovlagan fuqarolar aniqlandi. Ularga salkam 20 mln so‘m jarima belgilandi. Yangiobod tumanida yana bir fuqaro bo‘rini so‘ygani uchun 3 mln so‘m jarimaga tortildi.

«Kvars» kompaniyasining davlat ulushi 265 mlrd so‘mga sotildi

Shisha qadoqlari, listlar va bankalar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan «Kvars» AJdagi qariyb 90 foiz aksiyalar paketi 265 mlrd so‘mga «Quvasoysement» AJga sotildi.

Toshkent viloyati va Qoraqalpog‘istonda noqonuniy yer savdosi bilan shug‘illanishda gumonlanganlar ushlandi

O‘rta Chirchiq tumani va Nukus shahrida bo‘sh yer maydonni 14 500 dollar va 37 mln so‘mga sotayotgan shaxslar aniqlandi. Holat yuzasidan tergov harakatlari boshlandi.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqolalar:

Nima o‘qiymiz? Tarjimon Gulnoz Nabiyeva tavsiya qiladi

«Gazeta.uz» kitobxonlikni targ‘ib etishga qaratilgan «Nima o‘qiymiz?» loyihasini davom ettiradi. Sara asarlar, o‘qilishi maqsadga muvofiq hisoblangan kitoblar ro‘yxati haqida olim, tadqiqotchi, yozuvchi-shoir, tarjimon, jurnalist va jamoat faollarining tavsiyalarini sizga yetkazamiz.

Turkiyadagi zilzila O‘zbekiston iqtisodiyotiga qanday ta’sir ko‘rsatishi mumkin?

Turkiyada zilzila oqibatida iqtisodiy o‘sishning sekinlashishi O‘zbekiston iqtisodiyotiga o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qolmaydi. Iqtisodchi va «Gazeta.uz» kolumnisti Mirkomil Xolboyev Turkiyaga eksport va pul o‘tkazmalari hajmida kutilayotgan qisqarishning O‘zbekiston YAIM o‘sishiga potensial ta’sirini tahlil qiladi.