Toshkent shahrida 2022 yilning 12 oyi mobaynida 1200 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan, bu 2021 yilgidan (1073) ko‘proq. Ushbu davrda YTH oqibatida halok bo‘lganlar soni 136 nafarni tashkil etgan, 1463 nafari tan jarohati olgan. Bu haqda shahar IIBB xabar qildi.

Yo‘l-transport hodisalarining 32,5 foizini piyodalar ishtirokidagi baxtsiz hodisalar tashkil etadi. Болалар ishtirokida 169 ta YTH sodir bo‘lgan, buning oqibatida 56 nafar voyaga yetmaganlar tan jarohati olgan, 17 nafari vafot etgan.

Eng ko‘p qoidabuzarlik tezlikni oshirish bilan bog‘liq — 370 ta holat. 143 nafar haydovchi svetoforning taqiqlovchi ishorasiga o‘tgan. 8 ta baxtsiz hodisa avtomobil rulida o‘tirgan shaxslarning mast holatda bo‘lgani sabab sodir bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, IIV YHXX boshlig‘i Olim Saidov «Gazeta.uz» muxbiri bilan suhbatda o‘limlar bilan bog‘liq YTHlar sonini 5 yilda kamida 2 barobarga qisqartirish rejalashtirilganini ma’lum qilgandi.

2022 yil fevral oyida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyev maktab va bog‘chalar oldida transport tezligi 30 km/soatdan oshmasligini aytgandi. Shuningdek, u Toshkent markazida transport tezligi 50−60 km/soat dan oshmasligi, umuman, respublikaning aholi gavjum hududlaridagi gavjum ko‘chalarda tezlikni 70 km/soatdan 60 km/soatgacha kamaytirish kerakligini ta’kidlagandi.

17 yanvar kuni yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi bayoni bilan Qoraqalpog‘iston, Toshkent shahar va viloyatlarning ayrim hududlarida transport vositalarining harakat tezligi soatiga 60 kilometr etib belgilandi. Cheklov ko‘chalarda taqiqlovchi belgilar va moslashtirilgan tezlikni aniqlovchi moslamalar o‘rnatilgach kuchga kiradi.