Samarqand viloyati Urgut tumanida tog‘da adashib qolgan fuqarolar qutqarildi, deya xabar qildi viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi.

Qayd etilishicha, 2024-yilning 21-aprel kuni soat 19:00 da Urgut tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limiga 2 nafar fuqaro Urgut tumanidagi tog‘larda dam olish maqsadida chiqib, yo‘ldan adashib qolganini ma’lum qilib, pastga tushib olishda yordam so‘rab murojaat qilgan.

Xabarga asosan, qidiruv-qutqaruv ishlariga Urgut tuman yong‘in-qutqaruv qismining bir guruh qutqaruvchilari jalb qilingan. Qutqaruvchilar tomonidan olib borilgan qidiruv-qutqaruv ishlari natijasida 22-aprel kuni soat 02:45 da fuqarolar Allayaron tog‘ining dengiz sathidan 1800 metr balandlikdan topilgan.

Ushbu fuqarolarning xavfsizligi ta’minlangan holda tog‘dan pastga olib tushilgan. Qayd etilishicha, fuqarolarning sog‘liqlar yaxshi, ularga hech qanday tan jarohatlari yetmagan.