Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanida er-xotin is gazidan zaharlanib vafot etdi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Bosh prokuratura matbuot xizmati ma’lum qildi.

21 dekabr kuni 08:30 larda Uchko‘prik tumani IIB navbatchilik qismiga berilgan xabarga ko‘ra, tumanning «Chorbog‘» MFY Yuksalish ko‘chasida yashagan 1977 yilda tug‘ilgan E. Sh. va uning turmush o‘rtog‘i 1995 yilda tug‘ilgan E. K. yashash xonadonida is gazidan zaharlanib xodisa joyida vafot etgan.

Ko‘zdan kechirish davomida yashash xonadonining yonma-yon joylashgan yotoqxonasi va yuvinish xonasiga qo‘lbola usulda yasalgan, temirdan ishlangan pechka o‘rnatilgani, pechka shlang orqali propan gaz baloniga ulanib, isitish uchun moslangani, hodisa sodir bo‘lgan kuni esa xonadonda gaz to‘liq yonmasdan, is gazi ajralib chiqqani aniqlandi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘onada uyidagi gazni tekshirib ko‘rish uchun gugurt chaqqan fuqaro, Qashqadaryoda 13 yoshli bola va bir oilaning uch nafar a’zosi, Xorazmda fuqaro va uning nevarasi, Buxoro viloyatida 5 kishilik oila, Toshkent viloyatida er-xotin va ularning 3 oylik chaqalog‘i, Namanganda qaynona, kelin va nabira, Farg‘onada er-xotin, Qashqadaryoda 17 yoshli qiz, Xorazmda ijarada turgan ikki yigit, Jizzaxda qariya ayol va uning ikki nabirasi hamda Buxoroda 2-sinf o‘quvchisi is gazidan halok bo‘lgandi.