Joriy yil sentabr holatiga O‘zbekistonda xotin-qizlarga tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining 27 mingdan ortig‘i — oilada sodir etilgan. Bu haqda 3 oktabr kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjmunida Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Ozoda Parpiboyeva ma’lum qildi.

Bundan tashqari, yana 3 mingdan ortiq xotin-qiz — ko‘chada, 1 mingdan ortig‘i — jamoat joyida, 81 tasi — ta’lim muassasasida, 429 tasi — ish joyida zo‘ravonlik qurboniga aylangan.

Shuningdek, 9155 ta jismoniy zo‘ravonlik, 68 ta jinsiy zo‘ravonlik, 340 ta iqtisodiy zo‘ravonlik, 18 mingdan ortiq ruhiy zo‘ravonlik, 6 mingdan ortiq tazyiq holatlari aniqlangan.

Ta’kidlanishicha, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan 32 783 nafar xotin-qizlarga himoya orderlari berildi. «Himoya orderi berish natijasida 16 mingdan ortiq oila yarashtirildi, 14 mingdan ortiq nizo bartaraf etildi, rasmiylashtirilgan 2862 ta himoya orderi natijasida ma’muriy/jinoiy javobgarlik belgilanib, xotin-qizlarning buzilgan huquqlari tiklandi», — dedi Ozoda Parpiboyeva.

Chekka hududlardagi mahallalarda istiqomat qiluvchi ayollar uchun ijtimoiy reabilitatsiya qilish xizmatini kengaytirish maqsadida 28 ta hududiy va namunali tumanlararo markazlar qoshida 135 ta ijtimoiy maslahatxona tashkil etildi.

Eslatib o‘tamiz, birgina o‘tgan oyning o‘zida ijtimoiy tarmoqlarda bir necha bor ayollarga nisbatan zo‘ravonlik qo‘llanilgani, jumladan, Jizzaxda er xotinini armatura bilan urib o‘ldirgani, Toshkentda ayol rashk sabab talaba qizni «samosud» qilgani, Andijonda erkak xotini, qaynonasi va qaynukasini pichoqlagani e’lon qilingan edi.

YUNISEF O‘zbekistonda ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha xavotirini bildirgandi. Surxondaryoda kuyov to‘yda kelinni urgan voqeadan keyin senatorlar xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik uchun jazoni kuchaytirishni rejalashtirayotgandi. Qolaversa, yigit va qizlarni to‘ydan oldin Oila markazlaridagi mashg‘ulot va davra suhbatlariga jalb etish taklifi bildirilgandi.

Biroq O‘zbekistonda hali ham oiladagi zo‘ravonlik bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortuvchi qonun yoki modda yo‘q, deya qayd etadi zo‘ravonliklarga qarshi Nemolchi.uz loyihasi.

«Badanga turli darajadagi og‘irlikda shikast yetkazish moddalari (104-, 105-, 109-moddalar) mavjud bo‘lib, ular ko‘pincha maishiy zo‘ravonlik qayd etilgan hollarda (ko‘p holatlarda himoya orderi va ma’muriy jazodan keyin) qo‘llaniladi. Biroq, ular oiladagi zo‘ravonlikning mohiyatini qamrab olmaydi: Bu nafaqat jismoniy zarar, balki jiddiy, tizimli ma’naviy zo‘ravonlik va shaxsni yo‘q qilish demakdir», deya ta’kidlangan loyihada.

Shu bilan birga, prezident Shavkat Mirziyoyev 30 avgust kuni Mustaqillik kuni arafasida o‘tkazilgan marosimda O‘zbekistonda ayollarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari haqida ham gapirgandi.

«Bugun xursandchilik kunlarda ko‘pchilik muhokama qilayotgan ayrim mavzular ko‘ngilni xira qiladi. Xotin-qizlarimizga, aziz ayollarimizga nisbatan ayrim zo‘ravonliklarni umuman qabul qilib bo‘lmaydi. Bu bizning millatga xos bo‘lmagan chidab bo‘lmas illat», — degandi Shavkat Mirziyoyev.