29 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida deputatlar tomonidan yovvoyi yirtqich va zaharli hayvonlarni saqlashni taqiqlash bo‘yicha qonun loyihasi ko‘rib chiqildi, deb xabar berdi parlament quyi palatasi matbuot xizmati.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida «Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha hujjat loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilindi.

Mazkur qonun loyihasiga ko‘ra hukumat tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatga muvofiq yovvoyi yirtqich va zaharli hayvonlarni Davlat ekologiya qo‘mitasidan beriladigan maxsus guvohnomalarsiz o‘zboshimchalik bilan saqlash taqiqlanishi mumkin.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan yovvoyi hayvonlarni yarim erkin sharoitlarda, sun’iy yaratilgan yashash muhitida yoki tutqunlikda Fanlar akademiyasi bilan kelishgan holda tashkil etiladigan maxsus pitomniklarda saqlash faqatgina Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan beriladigan guvohnoma asosida amalga oshirilishi mumkin.

Shuningdek, yuridik shaxslar tomonidan yovvoyi yirtqich va zaharli hayvonlarni hayvonot bog‘lari, terrariumlar, sirklar, okeanariylar, delfinariylar, tabiiy pitomniklar, ilmiy va o‘quv maqsadlari uchun ilmiy va ta’lim tashkilotlarida saqlash ham Ekoqo‘mitaning guvohnomasi asosida tashkil etilishi mumkin.

Mazkur qonun loyihasi yuzasidan fraksiyaning taklif va mulohazalari bildirilib, birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qo‘llab-quvvatlandi, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning aprel oyida Toshkent viloyatida yashovchi fuqaro uyida boqib yurgan Afrika sheri bolasi 2019 yilda tug‘ilgan bolani tishlab olgani haqida xabar bergan edik. Toshkent viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi inspektorlari o‘rganish o‘tkazib, fuqaroda yirtqich hayvonni olib kirish va boqish uchun ruxsatnoma yo‘qligini aniqlagandi.