Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 23 avgust kuni Xalq deputatlari shahar Kengashining 69-sessiyasida hokimiyat qoshidagi Jamoatchilik kengashi faoliyatini qayta tashkil etish yuzasidan taklif kiritdi. Deputatlar esa bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlashdi. Bu haqda poytaxt ma’muriyati matbuot xizmati xabar berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hokimiyatning asosiy maqsadi — poytaxt aholisi va mehmonlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, aholi turmush darajasi sifatini yanada oshirishdan iborat.

«Lekin, so‘ngi vaqtlarda aholimiz manfaati uchun qilayotgan xayrli ishlarimizni keng jamoatchilikka o‘z vaqtida va to‘liq yetkaza bera olmayotganimiz sabab, turli e’tiroz va ba’zi paytda noxolis tanqidlarga uchrayapmiz. Shu o‘rinda yana bir narsaga alohida to‘xtalmoqchiman, amalga oshirilayotgan ishlar va loyihalar ko‘lami qanchalik keng, katta bo‘lmasin, jamoatchilikning fikri, maslahati va kerak bo‘lsa, ba’zi o‘rinlarda tanqidisiz kutilgan ijobiy natijaga erishishning iloji yo‘q», — dedi Jahongir Ortiqxo‘jayev.

Hokim shu sababdan ham jamoatchilik bilan yaqindan va ochiq ishlash, aholining faol qismini shaharda olib borilayotgan islohotlarga kengroq jalb etish maqsadida Jamoatchilik kengashi ishini qayta ko‘rib chiqishga qaror qilinganini aytdi.

«Endilikda Jamoatchilik kengashi fuqarolarimizga olib borilayotgan islohotlar va loyihalarni to‘liq, shaffof yetakzib bera oladigan vakolat va tizimga ega tuzilma bo‘ladi», — dedi u.

Ta’kidlanishicha, yangi Jamoatchilik kengashi ishida ekspert sifatida xohlagan fuqaro ishtirok etishi mumkin.

U kengash raisligiga o‘zining o‘rinbosari Furqat Mahmudxo‘jayev nomzodini taklif qildi.

Furqat Mahmudxo‘jayev. Foto: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.

«Furqat akani ortiqcha tanishtirib o‘tirish menimcha shart emas, davlat va jamoat tashkilotlarida uzoq yillar davomida mas’ul vazifalarni bajarib kelgan. Qolaversa, Toshkent shahrinining taraqqiyoti va taqdiriga doimo jon kuydiradigan fidoiy, vatanparvar insonlaridan biri», — dedi hokim.

Jahongir Ortiqxo‘jayev shuningdek, OAV vakillari, jurnalist va blogerlar, xususan, shahardagi o‘zgarishlar, poytaxtning flora va faunasiga befarq bo‘lmagan Nikita Makarenko, Aleksandra Ivanyujenko, Saodat Abduzakirova, Abu Ali Niyozmatovlar kabi faollarni kengash a’zoligiga taklif qildi.

«Ishonamanki, ularning bu yerdagi faoliyati, fikrlari, taklif va tashabbuslari, albatta, shahrimizdagi yangilanishlar hamda o‘zgarishlar jarayoniga, bizning turli soha va yo‘nalishlardagi faoliyatimizga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi», — degan fikrda hokim.