Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentdagi 21-sonli mehribonlik uyi yopilishi haqidagi xabarga qoldirilgan izohlarda foydalanuvchilar hududning obodonlashtirishga berilishidan xavotir bildirishmoqda, deyiladi O‘zbekiston Milliy gvardiyasiga qarashli Mehribonlik.uz saytida.

Xabarda “bunday qo‘rquvlar asossiz va mehribonlik uylari o‘rnida savdo obyektlari qurilishi haqidagi taxminlar tubdan noto‘g‘ri” ekani rasman ma’lum qilingan.

“21-sonli mehribonlik uyi binosi va hududi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi balansida qoladi. Bu yerda bolalar muassasasi ham bo‘ladi. Uning turi va maqomi endilikda Xalq ta’limi vazirligi tomonidan belgilanadi. Bu yaqin kunlarda ma’lum bo‘ladi”, — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, ilgari yopilgan barcha ta’lim-tarbiya muassasalari XTV balansida qoladi va ulardan faqat bolalar manfaatlarini ko‘zlab foydalaniladi.

Shu tariqa, avvalroq respublikada 13 ta “Mehribonlik” uyi, 4 ta bolalar shaharchasi va 2 ta “Mehribonlik” uyi (“Bolalar uyi”) yopilgan edi.

Qo‘qondagi sobiq 12-sonli mehribonlikm uyi binosida ko‘zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internati faoliyat ko‘rsatmoqda. Marg‘ilonda 1-sonli mehribonlik uyi o‘rnida esa eshitish qobiliyati past va kar bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internati foydalanishga topshirildi. Qolgan 4 ta “Mehribonlik” uyida, shuningdek, Andijon viloyatidagi bolalar shaharchasida qanday bolalar muassasalari ochilishi bo‘yicha qarorlar qabul qilinmoqda.

4 ta yopiq bolalar shaharchasidan 2 tasida ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari ham tashkil etiladi. Navoiy viloyatidagi bolalar shaharchasida esa Prezident maktabining filiali ochiladi.

Ilgari “Mehribonlik” uylari (“Bolalar uyi”) joylashgan binolar ham bolalar ehtiyojlari uchun topshirildi; Gulistonda uning o‘rnida imkoniyati cheklangan bolalar uchun tibbiy reabilitatsiya markazi ochildi, Farg‘ona shahrida — Bolalar davolash-reabilitatsiya markazi ish boshladi, deya xabar qildi Milliy gvardiya.