Yevropa Ittifoqi Kengashi 21-may kuni sun’iy intellektdan (SI) foydalanishni tartibga soluvchi dunyodagi birinchi qonunni ma’qulladi. Bu haqda qonun chiqaruvchi organ saytida xabar berildi.

“Bugun [YI] Kengash SI qoidalarini uyg‘unlashtirishga qaratilgan ilg‘or qonunlarni ma’qulladi… Qonun asosida xavf-xatar asnosidagi yondashuv yotadi, ya’ni jamiyatga zarar yetkazish xavfi qanchalik yuqori bo‘lsa, qoidalar shunchalik qattiqroq bo‘ladi”, — deyiladi xabarda.

Kengash hujjat SIni tartibga solish bo‘yicha global standartlarni belgilashi mumkin, deb hisoblaydi.

Yangi qonun SIga asoslangan turli xil tizimlarni xavfiga qarab tasniflaydi. Cheklangan xavfga ega SI tizimlari “juda oddiy” shaffoflik talablariga bo‘ysunadi. Yuqori xavfli SI tizimlari YI bozoriga kirish uchun bir qator majburiyatlarni bajarishi kerak bo‘ladi.

Fuqarolar huquqlariga tahdid soladigan ba’zi SI ilovalari taqiqlanadi. Xususan, biometrik identifikatsiya tizimlari, “ijtimoiy reyting” tizimlari, shuningdek, inson xatti-harakatlarini boshqaradigan yoki odamlarning zaif tomonlaridan foydalanadigan SIlar taqiqlanadi.

Qonun mart oyida Yevroparlament tomonidan ma’qullangan edi. O‘shanda deputatlar hujjatning maqsadi “asosiy huquqlar, demokratiya, qonun ustuvorligi va ekologik barqarorlikni yuqori xavfli sun’iy intellektdan himoya qilish, shuningdek, innovatsiyalarni rag‘batlantirish va Yevropani bu sohada yetakchi qilish” ekanini ta’kidlagandi.

Endi hujjat YI Kengashi va Yevroparlament rahbarlari tomonidan imzolanishi kerak, shundan so‘ng u taxminan bir oydan keyin kuchga kiradi. YI mamlakatlariga undan foydalanishga tayyorgarlik ko‘rish uchun ikki yil vaqt beriladi.